Putin sudlanuvchilarni javobgarlikdan ozod qilish evaziga urushga jo‘natmoqchi
Olam
−
02 Oktabr
5330Rossiya Prezidenti Vladimir Putin urushda qatnashishga rozi ayblanuvchilarni jinoiy javobgarlikdan ozod qiluvchi qonunni imzoladi. Qonun huquqiy axborot portalida e’lon qilindi.
Ushbu qonunga ko‘ra, agar mahbuslar Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzsa yoki harbiy safarbarlik ro‘yxatidan joy olsa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinadi.
Federal qonun sud tomonidan jinoiy ish yuritishni to‘xtatib turish, ehtiyot chorasini bekor qilish va keyinchalik sudlanuvchilarni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish, mahkumlar safarbarlik davrida yoki urush davrida harbiy xizmatga chaqirilgan taqdirda, ularni jazodan ozod qilish imkoniyatini nazarda tutadi.
"Hozirda faqat tergov ostidagi yoki jinoiy ish bo‘yicha sudlanganlargina urushda qatnashish uchun shartnoma imzolashlari mumkin", deya xabar berdi RIA Novosti.
Federal qonunga muvofiq, harbiy qismlar (muassasalar) qo‘mondonligi va sudlarning ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishlarini tugatish yoki ularni jinoiy javobgarlikka tortish, shuningdek, jazodan ozod qilish bo‘yicha o‘zaro munosabatlari qo‘shma qarorlar bilan belgilanadi.
Harbiy xizmatni o‘tayotgan ayblanuvchilar jinoiy javobgarlikdan ozod qilinadi.
Bundan tashqari, hujjat hukmi qonuniy kuchga kirmagan mahkumlarga ham tegishli.
Prezident, shuningdek, safarbarlik, harbiy holat va urush davrida sudlanuvchilar bilan sud ishlarini yuritish bosqichida harbiy xizmatni o‘tash uchun shartnomalar tuzishga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi.
Davlat Dumasi va Federatsiya Kengashi mos ravishda 24 va 25 sentyabrda ikkala hujjatni ham tasdiqlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya hukumati sudlanuvchilarning 40 foizini Ukrainadagi urushga yubormoqchiligi to‘g‘risida xabar berilgandi.
Muhammad Hodiyev