Putin sodiq ittifoqchisiga rus tiliga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi uchun rahmat aytdi
Olam
−
27 dekabr 2021
8499Putin Tojikistonda rus tilining keng yoyilishiga qo‘shayotgan shaxsiy hissasi uchun Prezident Imomali Rahmondan minnatdor. Bu haqda Putin Tojikiston Prezidenti bilan uchrashuvda so‘z ochdi.
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon ertaga, 28 dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tadigan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar rahbarlarining norasmiy sammitida ishtirok etish uchun birinchilardan bo‘lib Rossiyaga yetib bordi va Prezident Vladimir Putin bilan uchrashdi.
Suhbat avvalida Putin Rahmonga taklifini rad etmay, kelgani uchun minnatdorlik bildirgan.
“Afsuski, epidemiologik holatlar tufayli siz bilan avvalroq uchrashishning iloji bo‘lmadi, lekin sizni Rossiyada, Sankt-Peterburgda ko‘rganimdan juda xursandman.
Ertaga Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga, KXSHTga a’zo boshqa mamlakatlardagi hamkasblarimiz va do‘stlarimiz bilan muloqot qilish, Yangi yil oldidan o‘tgan yilning sarhisobini qilish, kelgusi yil uchun rejalar tuzish imkoniyati mavjud”, deydi Rossiya rahbari.
Vladimir Putin so‘zida davom etarkan, Tojikiston Rossiyaning sodiq ittifoqchisi ekanini alohida urg‘ulagan.
“Tojikiston bizning sodiq, ishonchli va yaqin ittifoqchilarimizdan biridir. Biz barcha sohalarda aloqalarni juda faol rivojlantirmoqdamiz. Bu xavfsizlik masalalariga ham tegishli. Hozir Afg‘oniston bilan chegaradagi vaziyat – bilaman, siz bilan doimiy aloqadamiz – ma’lum bir tashvish va xavotir uyg‘otmoqda. Va bu ob’ektiv holatlar, men bu tashvishga qo‘shilaman.
Bilasizki, biz Tojikiston mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasida faol ish olib bormoqdamiz. So‘nggi paytlarda kelishuvlarimiz asosida Tojikiston qurolli kuchlarini mustahkamlash, Tojikiston mamlakatingizga tashqaridan kelayotgan har qanday tahdidlarga samarali qarshi turishi uchun zarur qurol-yarog‘ va texnika yetkazib berish amalga oshirildi.
Siz va men bir vaqtning o‘zida yaratgan harbiy baza hamon rivojlanmoqda, mintaqa xavfsizligini ta’minlashning muhim elementlaridan biri hisoblanadi. Bilaman, siz ham harbiylarimiz bilan doimiy aloqadasiz, vaziyatni nazorat qilasiz. Biz bu boradagi ishlarni davom ettiramiz”, deydi Putin.
Putinga ko‘ra, bugun millionga yaqin tojikikstonlik Rossiyada ishlamoqda va ular joriy yilning o‘zida ishlab topgan 1 milliard 700 million dollarini uylariga, Tojikistonga jo‘natgan. Qayd etilishicha, ishchilar soni kun sayin ortmoqda. Bunda esa Tojikistonda rus tilida alohida e’tibor qaratilishi muhim ahamiyatga ega.
“Nihoyat, gumanitar komponent juda muhim. Men sizning rus tilini rivojlantirishga bo‘lgan e’tiboringiz va g‘amxo‘rligingizni bilaman, u sizning qo‘llab-quvvatlashingiz bilan juda yaxshi rivojlanmoqda. Rus tilini o‘rganish istagida bo‘lganlar ko‘p – buni tushunsa bo‘ladi, chunki bugungi kunda bir millionga yaqin tojikistonlik Rossiyada vaqtincha yashab, mehnat qilmoqda. Agar o‘tgan yili ular uyiga 1 milliard 800 million dollar atrofida pul o‘tkazgan bo‘lsa, o‘tgan yili pandemiya tufayli, albatta, mehnatkashlar soni kamaygan – 1 milliard 700 million dollar atrofida bo‘lgan.
Lekin, kelishib olganimizdek, Tojikiston iqtisodiyotini ham, xalqini ham qo‘llab-quvvatlash maqsadida ushbu migratsiya oqimlari bilan bog‘liq muammolarni hal qilyapmiz. Sanoatimiz ham, umuman iqtisodiyotimiz ham, qurilish sohasi ham malakali va mehnatkash kadrlarni jalb etishdan manfaatdor.
Biz rus tilini o‘rganish doirasidagi tayyorgarlik odamlarni xotirjam ishlashlari va o‘zlarini qulay his qilishlari uchun moslashtirishning eng ishonchli usuli ekanligi haqida gaplashdik”, deydi Putin.
O‘z navbatida Imomali Rahmon Putinni va Rossiya xalqini kirib kelayotgan Yangi yil bilan tabriklagan va unga mustahkam sog‘lik tilagan.
“Madaniy-gumanitar aloqalar faol rivojlanmoqda, biz xavfsizlik sohasida yaqindan hamkorlik qilamiz. Men siz bilan aloqalarimiz holati va istiqbollarini, shuningdek, afg‘on muammolariga alohida e’tibor qaratgan holda xalqaro va mintaqaviy masalalarni muhokama qilishga tayyorman”, degan Rahmon.
Eslatib o‘tamiz, ertaga, 28 dekabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar rahbarlarining norasmiy sammiti bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etadi.
LiveBarchasi