Putin savolga Qur’oni Karim oyatlari bilan javob berdi
Olam
−
17 Sentabr 2019
29154Kecha, 16 sentyabr kuni Turkiya poytaxti Anqarada Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Hasan Ruhoniy, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Suriya muammosini hal etish uchun to‘planganlari haqida xabar bergan edik.
Tor va keng doiradagi uchrashuvlar yakunlari, kelishuvlar bo‘yicha Prezidentlar ommaviy axborot vositalari qarshisida bayonot berdi. Jurnalistlar bilan muloqot qilar ekan, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Islom dinining muqaddas kitobi Qur’oni Karim bilimdoni ekanini ham isbotlashga uringan.
Jurnalistlardan biri kuni kecha Saudiya Arabistonidagi neft konlariga qilingan qurolli hujum, uning natijasi, neft narxining 20 foizga oshib ketishi bilan bog‘liq masala Prezidentlar uchrashuvida muhokama qilingani bilan qiziqdi. Putin mazkur masala uchrashuvda ko‘rib chiqilmagani, ammo Yaman masalasi muhokama qilinganini aytarkan, o‘z nutqida Qur’oni Karimning Oli Imron surasi 103-oyatini eslatib o‘tadi.
“Biz Saudiya Arabistonidagi neftni qayta ishlash zavodiga qilingan hujumni muhokama qilmadik. Agar Rossiyaning munosabatini aytadigan bo‘lsam, Yamanda juda katta gumanitar inqiroz davom etmoqda. Biz odamlarga yordam berishga tayyormiz.
Bu inqirozni yechishning eng yaxshi usuli davlatlar o‘zaro kelishuvga erishishida.
Turkiyadek musulmon davlatda bo‘la turib, muqaddas Qur’oni Karim oyatlarini eslamay o‘tishning imkoni yo‘q. Siz dushman edingiz, ammo Alloh sizning qalblaringizni birlashtirdi va sizni birodar qildi, deyiladi Qur’onda. Sizni ayiradigan masalalar orqa planda bo‘lishi kerak. Ma’naviy yaqinlik esa yuzaga chiqishi kerak. Zo‘ravonlikka hech qanday shaklda yo‘l qo‘yilmasligi haqida Qur’onda ham aytilgan”, deydi Putin.
Rossiya rahbari so‘zida davom etarkan, Saudiya Arabistoni o‘zini havo hujumlaridan himoya qilishi uchun Rossiya doim yordamga tayyor ekanini bildirdi va qiruvchi samolyotlarining kichik reklamasini e’lon qilib o‘tdi.
“Eron bizdan S-300ni oldi. Turkiya ham S-400ga egalik qilmoqda. Saudiya Arabistoni ham ular kabi bir qadam tashlab o‘zini himoya qila oladi”, deydi Putin.
LiveBarchasi