Putin Rossiyani uzoq muddatli militarizatsiyaga tayyorlamoqda – ISW
Olam
−
22 aprel
9565Kreml Rossiya jamiyatini uzoq muddatli militarizatsiyaga va NATO bilan ehtimoliy mojaroga tayyorlamoqda. Mazkur jarayonda Ukraina bosqinini oqlash uchun ilgari qo‘llanilgan narrativlar yana ishga solinmoqda. Bu haqda AQSHdagi Urushni o‘rganish instituti (ISW) ekspertlari xabar berdi.
ISW tahlilchilarining ta’kidlashicha, Rossiya amaldorlari va targ‘ibotchilari tomonidan ilgari Ukraina bilan bog‘lanib aytilgan “natsizm” ayblovlari endi nafaqat Kiyevga, balki Yevropa davlatlariga ham tobora ko‘proq qaratilmoqda.
Masalan, 2025 yil 20 aprel kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Yevropa Ittifoqini “natsizm mafkurasini qayta tiklash” niyatida ayblagan.
“Biz bunga toqat qilmaymiz, bu mafkura yana bosh ko‘tarmasligi, butunlay yo‘q qilinishi va Yevropa o‘z qadriyatlariga qaytishi uchun barcha kuchlarni safarbar qilamiz,” degan edi Lavrov “Rossiya-1” telekanaliga bergan intervyusida.
Bu bayonot Yevrokomissiya rahbarlarining 9 maydagi G‘alaba paradida ishtirok etmaslik tavsiyasiga javoban aytilgan.
ISW ekspertlarining fikriga ko‘ra, bu bayonotlar Kremlning SSSRning fashistlar Germaniyasi ustidan qozongan g‘alabasi tasviri va Ulug‘ Vatan urushi haqidagi afsonalardan Yevropa va NATOni qoralash va harbiylashtirishni jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish bo‘yicha uzoq yillik strategiyasiga mos keladi.
“Kreml Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘liq tarixiy o‘xshashliklarni ko‘p bora keltirgan. Bu orqali aholiga Ukrainadagi harbiy maqsadlar yo‘lida ijtimoiy va iqtisodiy qurbonliklarni oqlashga harakat qilinmoqda. Vladimir Putin va boshqa yuqori lavozimli amaldorlar doimiy ravishda “denatsifikatsiya” terminidan foydalanadi – bu esa Ukraina hokimiyatini almashtirish va Moskva uchun qulay bo‘lgan rejimni o‘rnatishni anglatadi. Aynan Kiyevdagi “natsist” hukumat haqidagi ritorika 2022 yil fevralidagi to‘liq bosqinning asosiy asoslaridan biri bo‘lgan,” deyiladi ISW hisobotida.
ISW mutaxassislariga ko‘ra, Rossiya targ‘iboti bu kabi ritorikani boshqa davlatlarga, xususan, Finlyandiya, Estoniya va Moldova kabi sobiq SSSR respublikalariga ham yoymoqda.
Masalan, 2024 yil yanvar oyida Leningrad qamalining tugatilganiga 80 yil to‘lishi munosabati bilan Putin Rossiya “zamonaviy natsizm” bilan “ekzistensial geosiyosiy mojaro” holatida ekanini bildirgan. Uning aytishicha, bu mojaro Ukraina inqirozidan ancha kengroq. U, shuningdek, Boltiqbo‘yi davlatlarini natsizmda ayblagan. Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin esa “natsist mafkura NATO rahbarlari uchun normal holatga aylanganini” ta’kidlagan.
ISW taxminicha, bu narrativlar kelajakda rus tilida so‘zlashuvchi aholining himoyasini bahona qilib, Rossiya tomonidan Boltiqbo‘yi davlatlari yoki Finlyandiyaga nisbatan tajovuzni oqlash uchun ishlatilishi mumkin.
2024 yil yanvar oyida Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar rahbari Kaya Kallas yevropalik razvedka manbalariga tayangan holda, Rossiya 2028 yilga borib Yevropa Ittifoqi davlatlaridan biriga hujum qilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. U nafaqat mudofaa xarajatlarini oshirish, balki harbiy mojaroga tayyor turish muhimligini urg‘ulagan.
Fevral oyida Daniya harbiy razvedkasi kelgusi besh yil ichida Yevropada “katta miqyosdagi urush” bo‘lish ehtimoli yuqoriligini ma’lum qilgan.
Mart oyida esa Germaniya Federal razvedka xizmati rahbari Bruno Kal Moskvaning G‘arb birdamligini, xususan, NATOning 5-moddasiga amal qilishga tayyorligini sinovdan o‘tkazishga intilayotganini bildirgan. Bu modda a’zolarga qarshi hujumni umumiy xavf sifatida qabul qilishni nazarda tutadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning Bavariya federal yeri sog‘liqni saqlash vaziri Yudit Gerlax Germaniya sog‘liqni saqlash tizimi urush sharoitida ham harbiylar, ham fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatishga tayyor bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan edi. Gerlaxning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Rossiyadan kelayotgan harbiy tahdid bilan tobora ko‘proq yuzma-yuz kelmoqda. Shu bilan birga, AQSHning xavfsizlik bitimidan chiqishi ehtimoli bunday tayyorgarlik zaruratini yanada oshiradi.
LiveBarchasi