Germaniya Turkiyada fojiaviy vafot etgan oila ishini nazoratda tutmoqda
3-sahifa
−
23 noyabr 7575 4 daqiqa
Germaniya Tashqi ishlar vaziriligi Turkiyaning Istanbul shahriga sayohati davomida zaharlanish oqibatida vafot etgan oilaning tergovini kun tartibida tutmoqda va jarayon nazorat ostida. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi rasmiysiga tayanib, “Deutsche Welle” yozmoqda.
“Istanbuldagi Germaniya Bosh konsulligi marhum oilaning qarindoshlari va mahalliy hokimiyat organlari bilan yaqin aloqada”, deydi rasmiy.
Vazirlik qurbonlarning qarindoshlari haqida ularning shaxsiy huquqlarining buzilishi ehtimolidan kelib chiqib, batafsil ma’lumot bermaydi.
“Biz o‘lim sababini aniqlash uchun olib borilayotgan tergov va o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib bormoqdamiz”, deydi TIV rasmiysi.
Germaniya fuqarolarining zaharlanish oqibatida o‘lishi ortidan Berlin Turkiyaga sayohat bo‘yicha tavsiyalarni qayta ko‘rib chiqyaptimi, degan savolga TIV vakili quyidagicha javob qaytargan:
“Biz sayohat va xavfsizlik bo‘yicha tavsiyalarni zaruratga qarab doimiy ravishda ko‘rib chiqamiz va yangilaymiz”.
Ma’lum qilinishicha, Germaniyaning Istanbuldagi Bosh konsulligi voqeani va o‘limning aniq sababini tezkor hamda har tomonlama aniqlash uchun faol muzokaralar olib bormoqda. Bosh konsullik bu maqsadda turli darajadagi Turkiya rasmiylari bilan aloqada bo‘lib turibdi.
Nemis ommaviy axborot vositalarining yozishicha, bo‘lib o‘tgan fojiaviy voqeadan so‘ng mamlakatdagi turizm mutaxassislari sayyohlarning hayotidan xavotirda.
“Germaniya sayyohlik sanoati uchun mehmonlar va turizm xodimlarining xavfsizligi eng muhim ustuvor vazifadir. Germaniya sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi o‘laroq biz ushbu holat bo‘yicha Turkiya mehmonxonachilari federatsiyasi va Berlindagi Turkiya elchixonasi bilan bog‘landik. Biz mehmonxonalarda faqat vakolatli va tasdiqlangan dezinfeksiya vositalari va uskunalaridan foydalanishni va ularning tegishli ravishda qo‘llanilishini ta’minlash uchun Turkiyadagi mehmonxonalar bilan zudlik bilan aloqa o‘rnatdik”, deydi Germaniya sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi.
Turkiyada germaniyalik oila fojiasi
Joriy yilning 9 noyabr kuni Germaniyaning Gamburg shahridan Istanbulga sayohat uchun kelgan oila – Sarvat Bo‘jek (ota, 36 yosh), Chig‘dam Bo‘jek (ona, 27 yosh), Muhammad Bo‘jek (o‘g‘il, 6 yosh) va Masal Bo‘jek (qiz, 3 yosh) Fotih tumanidagi “Harbour Suites Old City” mehmonxonasiga joylashgan. 10 va 11 noyabr kunlari ular O‘rtako‘y sayyohlik markazida midiya, pita noni, tantuni, kokorech va turk lokumlari kabi mahalliy ko‘cha taomlarini iste’mol qilgan. 12 noyabr kuni ular erta tongda ko‘ngil aynishi va qusishni boshdan kechirgan. Oila a’zolari shifoxonaga murojaat qilgan va ularga dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Shundan so‘ng, ular yana mehmonxonaga qaytib kelgan.
13 noyabr kuni soat 3:00 atrofida oila yana tez yordam mashinasida shifoxonaga olib ketilgan. Ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay, bolalar vafot etgan. 14 noyabr kuni ularning onasi ham hayotdan ko‘z yumgan. Sarvat Bo‘jek esa 17 noyabr kuni olamdan ko‘z yumgan.
Oila joylashgan mehmonxonada 11 noyabr kuni zararkunandalar va hasharotlarga qarshi dori purkash ishlari olib borilgan. Voqea joyini tekshirish guruhidan og‘zaki olingan ma’lumotlarga ko‘ra, oila joylashgan 201-xona kimyoviy vositalar purkalgan 101-xonaning tepasida joylashgan va havo almashish tizimi bo‘lmagan. Xuddi shu mehmonxonada tunagan yana ikki chet el fuqarosi 15 noyabr kuni shunga o‘xshash shikoyatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Shuningdek, mehmonxona dezinfeksiyasi paytida ishlatilgan kimyoviy moddalar va idishlar, ona Chig‘dam Bo‘jekning, ota Sarvat Bo‘jekning shifoxonada olingan birinchi qon namunasi va oshqozon tarkibi, ikki chet el fuqarosining shifoxonada olingan birinchi qon namunalari va oila joylashgan 201-xonadagi choyshablar Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan tekshirish uchun Sud-tibbiyot institutiga yuborilgan.
Hisobotda bolalarning tanasida o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan jarohat alomatlari aniqlanmagani qayd etilgan. Ekspertizada oshqozon devorida dog‘li qon ketish va qizarishdan tashqari hech qanday muhim topilmalar kuzatilmagan.
Holat ortidan Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov doirasida to‘rt kishi, jumladan, midiya do‘koni, turk lokumlari do‘koni va oila ovqatlangan restoranning egasi hibsga olindi, restoran muhrlandi. Istanbul shahar politsiyasi esa yaqin atrofdagi pishirilgan kartoshka (kumpir) do‘konlarida tekshiruvlar o‘tkazdi. Mehmonxona xonasi, restoran va ko‘cha taomlari sotuvchilaridan tahlillar olingan va xavfsizlik kamerasi tasvirlari ko‘zdan kechirilgan.
Hibsga olinganlar orasida mehmonxonaning ikki xodimi va zararkunandalarga qarshi dezinfeksiya xodimi ham bor. Tergov doirasida qo‘lga olinganlar jami 11 kishini tashkil etmoqda.
Live
Barchasi