Putin rossiyaliklar Belarusda ushlanishi ortidan Xavfsizlik kengashini chaqirdi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari bilan tezkor yig‘ilish o‘tkazdi. Unda rossiyaliklarning Belarusda hibsga olinishi muhokama qilindi. Bu haqda Kreml saytida xabar qilindi.

“Tez orada bu voqeaga aniqlik kiritilishi va asossiz qo‘lga olingan Rossiya fuqarolari ozod qilinishiga umid bildirildi”, deyilgan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Belarus poytaxti Minsk chekkasidagi sihatgohda 32 nafar rossiyalik qo‘lga olindi. Ular turistlarga o‘xshamagan va harbiylarga xos tarzda bir xilda kiyingan.

Belarus rasmiy OAVning xabar berishicha, rossiyaliklar saylov kampaniyasi vaqtida Belarusda vaziyatni izdan chiqarish uchun kelishgan. Yana bir rossiyalik Gomel viloyatida ushlangan.

Belarus Davlat xavfsizligi qo‘mitasi rahbari Valeriy Vakulchik qo‘lga olinganlar “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasining jangchilari ekanini ma’lum qildi. Rossiyaliklarga nisbatan terakt tayyorlash moddasi bilan jinoyat ishi ochilgan.

Minskdagi Rossiya elchisi Dmitriy Mezensev hodisaga izoh berib, rossiyaliklar Belarus orqali Istanbulga ketayotganini, ular reysga ulgurmaganini ma’lum qildi. Elchining so‘zlariga ko‘ra, ular energetika infratuzilmasini qo‘riqlash uchun ketayotgan bo‘lgan.

Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov rossiyaliklar hech qanday qonunbuzarlik qilmaganini, ular xususiy qo‘riqlash kompaniyasining xodimlari ekanini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Belarus'

Baholaganlar

683

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing