Putin Rossiya Xavfsizlik kengashi tarkibini 35 kishiga kengaytirdi
Olam
−
01 Oktabr
2860Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiya Xavfsizlik kengashi a’zolari sonini 35 kishiga yetkazdi. Tegishli farmon kecha, 30 sentyabr, kuni normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy saytida e’lon qilindi.
Xavfsizlik kengashining yangi a’zolari Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Denis Manturov va Putinning sobiq qo‘riqchisi, endi esa uning yordamchisi va Rossiya Federatsiyasi Davlat kengashi kotibi Aleksey Dyumin bo‘ldi.
Bundan tashqari, Xavfsizlik kengashi tarkibiga Prezidentning Maxsus dasturlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Aleksandr Linets, shuningdek, Federal tibbiy-biologiya agentligi rahbari, sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Veronika Skvorsova kirdi.
Shu bilan birga, sentyabr oyida Federatsiya Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimini egallagan “Yagona Rossiya” partiyasi bosh kotibi vazifasini bajaruvchi Vladimir Yakushev Xavfsizlik Kengashi tarkibidan chiqarildi.
Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik Kengashining raisi – Vladimir Putin, uning o‘rinbosari – Dmitriy Medvedev.
Organning vazifalariga milliy xavfsizlikni ta’minlash sohasida davlat siyosatini shakllantirish va uning amalga oshirilishini nazorat qilish kiradi. Kengashning doimiy a’zolari tarkibiga asosiy ijro etuvchi va qonun chiqaruvchi hokimiyat rahbarlari kiradi.
2024 yilning may oyidan beri Rossiyaning sobiq mudofaa vaziri Sergey Shoygu Xavfsizlik kengashi kotibi sifatida ishlab kelmoqda. Undan avvalgi kotib Nikolay Patrushev esa Putinning yordamchisi lavozimiga tayinlangan.
LiveBarchasi