Putin rezidensiyasiga hujum: Kiyev rad etdi, Moskva tahdid qildi, Tramp esa g‘azabda
Olam
−
30 dekabr 2025 14042 5 daqiqa
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Novgorod viloyatidagi davlat rezidensiyasiga 91 ta uchuvchisiz uchish apparati (dron) orqali hujum qilishga uringanini ma’lum qildi. U bu haqda kecha, 29 dekabr kuni xabar bergan.
Novgorod viloyatidagi Valday ko‘lida Putinning “Dolgiye Borodi” nomli rezidensiyasi joylashgan.
Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, hujum 29 dekabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Barcha 91 ta dron yo‘q qilingan. Jabrlanganlar yoki moddiy zarar haqida ma’lumot kelib tushmagan. Uning aytishicha, ushbu hujumni inobatga olgan holda Rossiyaning muzokaralardagi pozitsiyasi qayta ko‘rib chiqiladi, biroq Moskva AQSH bilan muzokaralar jarayonidan chiqish niyatida emas.
Shu bilan birga, Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 28 dekabr soat 23:00 dan 29 dekabr soat 7:00 gacha Novgorod viloyati osmonida Ukraina Qurolli Kuchlarining 18 ta droni yo‘q qilingan; 7:00 dan 9:00 gacha esa yana 23 ta dron urib tushirilgan. Umuman olganda, 29 dekabr tungi paytda Rossiya hududi ustidagi osmonda 89 ta ukrain droni havo mudofaa tizimi vositalari orqali yo‘q qilingani ma’lum qilindi.
Zelenskiy hujum haqidagi bayonotni yolg‘on deb atadi
Hujum haqidagi ma’lumotlar boshqa manbalar tomonidan tasdiqlanmagan. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Lavrovning rezidensiyaga hujum qilingani haqidagi bayonotini yolg‘on deb atab, buni Rossiyaning Kiyevdagi hukumat kvartaliga zarba berish rejalari bilan bog‘ladi.
“Rossiyaliklar bu urushni tugatishni istamaydi. Qandaydir rezidensiya hujumga uchradi degan bayonot bilan ular faqat poytaxt va davlat binolariga zarba berish uchun zamin tayyorlayapti”, dedi Zelenskiy jurnalistlarga WhatsApp orqali.
Zelenskiy Lavrovning bayonotini AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan o‘tgan muzokaralar bilan bog‘ladi.
“Ruslar uchun biz bilan Amerika o‘rtasida janjal bo‘lmasa – holbuki, bizda ilgarilash bor – bu ular uchun mag‘lubiyat. Chunki ular bu urushni tugatishni istamaydi”, dedi u.
Ukraina prezidentining fikricha, Moskva bunday bayonotlar orqali Kiyev va Vashington o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarida erishilgan ilgarilashni izdan chiqarishga urinmoqda. U AQSH Prezidenti Donald Trampni Rossiya tahdidlariga munosib javob berishga chaqirdi.
Ukraina TIV rahbari: Rossiya keyingi hujumlar uchun bahona yaratmoqda
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida Rossiya tomonining go‘yoki bo‘lib o‘tgan hujum haqidagi so‘zlarini “manipulyatsiya” deb atadi. Uning ta’kidlashicha, bu bayonotlar “yagona maqsad bilan – Rossiyaning Ukrainaga qarshi keyingi hujumlarini oqlash va tinchlik jarayonini izdan chiqarish uchun” o‘ylab chiqarilgan.
“Bu odatiy rossiyacha taktika: o‘zing qilayotgan yoki rejalashtirayotgan ishda boshqani ayblash”, dedi u.
Ukraina vaziri 2025 yil boshida Rossiya Qurolli kuchlari Ukraina hukumat binosiga zarba berganini eslatdi. Uning aytishicha, Ukraina Qurolli kuchlari esa Rossiya hududida faqat qonuniy harbiy nishonlarga zarba beradi.
“Biz jahon hamjamiyatini tinchlik jarayonini izdan chiqarishga qaratilgan Rossiyaning provokatsion bayonotlarini qoralashga chaqirib qolamiz. Ukraina AQSH boshchiligida, Yevropa hamkorlari ishtirokidagi tinchlik sa’y-harakatlariga sodiq qoladi”, deya xulosa qildi Sibiga.
Ushakov: Tramp shokda va g‘azabda
AQSH va Rossiya Prezidentlari Donald Tramp va Vladimir Putin Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar mavzusida “ijobiy” telefon suhbati o‘tkazdilar. Bu haqda kecha, 29 dekabr kuni Oq uy matbuot kotibi Karolayn Livitt X (Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Ikki davlat rahbari o‘rtasidagi suhbatni Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ham tasdiqladi. Uning aytishicha, Tramp maslahatchilari bilan birga 28 dekabr kuni AQSH Prezidentining Florida shtatidagi Mar-a-Lago xususiy qarorgohida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakunlari haqida Putinni xabardor qilgan.
O‘z navbatida, Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Prezidenti Trampga Ukraina tomonidan Novgorod viloyatidagi davlat rezidensiyasiga dronlar orqali hujum qilishga urinish bo‘lgani haqida ma’lum qilgan. Putin yordamchisining ta’kidlashicha, ushbu “hujum” Mar-a-Lago muzokaralaridan so‘ng darhol sodir etilgan.
“Rossiya rahbari Trampga bu holat javobsiz qolmasligini, shuningdek, shu vaziyatni inobatga olgan holda Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarda Rossiya pozitsiyasi qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qilgan”, dedi Ushakov.
Putin yordamchisining aytishicha, Tramp Rossiya rahbari bilan suhbatda Prezidentning davlat rezidensiyasiga dronlar orqali hujum qilingani haqidagi xabardan shokka tushgani va g‘azablanganini bildirgan. Shuningdek, u go‘yoki hujum urinishi muhokamasi vaqtida Oq uy “Xudoga shukrki, Kiyevga “Tomagavk” raketalarini bermaganini” aytgan.
Shu kuni Isroil delegatsiyasi bilan uchrashuv oldidan Tramp jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida Putin bilan qo‘ng‘iroqlashganini tasdiqladi.
“Bu menga yoqmayapti. Bu yomon. Men bu haqda bugun ertalab bildim. Bu haqda menga Prezident Putin aytib berdi. Erta tongda hujum qilishganini aytishdi. Bu yomon. Unutmang, men Tomahawk`ning yetkazib berilishini to‘xtatdim, men buni xohlamadim”, dedi Tramp.
AQSH Prezidenti bu holat “qaltis vaqtda” sodir bo‘lganini qo‘shimcha qildi.
“Hozir buning mavridi emasdi. Ular tajovuzkorlik qilyaptimi, bunga yarasha javob qaytarish – bu boshqa bir masala. Ammo uning uyiga hujum qilish – bu umuman boshqa masala. Hozir bunaqa ishlarning vaqti emas. Bunday qilmaslik kerak. Men buni Prezident Putindan eshitdim va qattiq g‘azablandim”, dedi Tramp.
Zelenskiy Uitkoff bilan telefon orqali suhbatlashdi
Shu kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff o‘rtasida ham telefon suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (MXMK) kotibi Rustam Umarov X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
“Asosiy masala – keyingi aloqalar va navbatdagi qadamlarni muvofiqlashtirish. Ish jadal va mazmunli olib borilmoqda: biz deyarli har kuni maslahatlashuvlarni davom ettiryapmiz va hujjatlar bandi ustida ishlayapmiz”, deb yozdi u.
Umarov, shuningdek, Yevropa davlatlarining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari bilan doimiy aloqada ekanini va yaqin kelajakda navbatdagi uchrashuvlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlar mavjudligini ta’kidladi.
Live
Barchasi