Putin Rahmon bilan O‘zbekistonda o‘tadigan tadbirni muhokama qildi
Olam
−
23 avgust 2022
7368Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 23 avgust tojikistonlik mavqedoshi Imomali Rahmon bilan telefon orqali O‘zbekistonda sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitini muhokama qildi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar bermoqda.
“Do‘stona Rossiya-Tojikiston munosabatlarini yanada rivojlantirishning ayrim dolzarb masalalari, shuningdek, sentyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti mavzulari muhokama qilindi”, deyiladi xabarda.
Tojikiston rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Putin va Rahmon, shuningdek, dolzarb xalqaro muammolar va mintaqaviy hamkorlikning ayrim masalalari, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyatga alohida e’tibor qaratgan holda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash yuzasidan fikr almashgan.
Suhbat yakunida mazkur masalalar bo‘yicha aloqalarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan va tomonlar o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 avgust kuni Prezidentlar Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida SHHT sammitiga tayyorgarlik masalalari bo‘yicha telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tgan edi.
Ma’lumot uchun, SHHT sammiti 15-16 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Hozirda tashkilotga Rossiya, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy va Pokiston, Tojikiston va O‘zbekiston kiradi. Kuzatuvchi davlatlar – Afg‘oniston, Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston, hamkor davlatlar – Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka. So‘nggi paytlarda ko‘plab davlatlar SHHTga a’zo bo‘lish istagini bildirmoqda. Xususan, Samarqanddagi sammitda Eronning qo‘shilish tartibi yakunlanishi va Misr, Qatar va Saudiya Arabistoniga muloqot bo‘yicha hamkor maqomi berilishi kutilmoqda. Belarusning SHHTga to‘laqonli a’zo sifatida qo‘shilish haqidagi arizasi ham o‘rganilmoqda.
LiveBarchasi