Putin prezidentlik saylovida onlayn ovoz berdi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 15 mart kuni prezidentlik saylovlarida ovoz berdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.

Putin Moskva viloyatidagi qarorgohida prezident saylovida masofaviy elektron ovoz berishda ishtirok etgan.

Rossiyada prezidentlik saylovlari 17 martgacha davom etadi. Mamlakatda prezidentlik saylovlari birinchi marta uch kun davomida va federal okruglarning deyarli uchdan birida masofaviy elektron ovoz berish tizimidan foydalangan holda o‘tkazilmoqda.

Prezidentlik uchun 4 nafar nomzod kurashmoqda: amaldagi Prezident Vladimir Putin (o‘zini o‘zi ko‘rsatgan va “Yagona Rossiya” partiyasi qo‘llab-quvvatlagan), Liberal-demokratik partiyasi raisi Leonid Slutskiy, Kommunistik partiyadan nomzod Nikolay Xaritonov va “Yangi odamlar” partiyasidan Vladislav Davankov.

Yangi saylangan Prezident bu lavozimda 6 yil ishlaydi. Saylanish imkoniyati juda yuqori deb hisoblangan Putin yana ovoz berishda g‘alaba qozonsa, 5-marta Rossiya Prezidenti bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Putin rossiyaliklarni prezidentlik saylovlarida ishtirok etishga chaqirgandi. Rossiya qamoqxonasida vafot etgan muxolifatchi Aleksey Navalniyning bevasi Yuliya Navalnaya G‘arb davlatlarini Rossiyada bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari natijalarini tan olmaslikka va Vladimir Putinni Rossiyaning beshinchi muddatga saylanadigan Prezidenti sifatida qabul qilmaslikka chaqirdi. AQSH va Yaponiya bosib olingan Ukraina hududlarida o‘tkazilayotgan saylov natijalarini tan olmasligini bildirdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin saylov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing