Putin nega Shoyguni lavozimidan chetlatdi?
Olam
−
13 may
20985Rossiya Mudofaa vazirligidagi o‘zgarishlar va Sergey Shoyguning Andrey Belousov bilan almashtirilishi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Ukrainadagi uzoq davom etgan urushni qo‘llab-quvvatlash va kelajakda NATO bilan qarama-qarshilikka tayyorgarlik ko‘rish uchun Rossiya iqtisodiyoti va mudofaa sanoati bazasini safarbar qilish yo‘lida qadam tashlayotganidan dalolat beradi. Bu haqda Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) o‘z maqolasida yozdi.
“Belousovning Mudofaa vaziri etib tayinlanishi uzoq davom etgan mojaro uchun barcha iqtisodiy sharoitlarni yaratishga qaratilgan sa’y-harakatlardagi muhim voqea”, deydi ekspertlar.
Maqolada qayd etilishicha, Belousovning harbiy tajribasi yo‘q, ammo Shoygu ham boshida armiyada xizmat qilish tajribasiga ega emas edi.
Mutaxassislarning qo‘shimcha qilishicha, Belousovning Rossiya federal hukumatida qariyb o‘n yillik Iqtisodiyot vaziri lavozimida ishlagani va yaqinda mudofaa sanoati hamda uchuvchisiz samolyotlar sohasidagi turli mahalliy innovatsion loyihalarni boshqarishda ishtirok etgani uni Rossiya Mudofaa vazirligi apparatini boshqarishga yaxshi tayyorlagan.
ISW'ning ta’kidlashicha, Sergey Shoygu boshchiligidagi Rossiya Mudofaa vazirligi yuqori darajadagi korrupsiya va byurokratik inersiya ayblovlari bilan kurashgan, shu bilan birga rossiyalik harbiy kuzatuvchilarning doimiy tanqidlariga duch kelgan.
“Belousov samarali texnokrat sifatida kuchli obro‘ga ega va insayder manbalar uning Putin bilan ham ijobiy munosabatda ekanini aytishadi”, deyiladi maqolada.
Qayd etilishicha, Putin Belousov tajribasidan harbiy va iqtisodiy siyosatni uyg‘unlashtirish uchun foydalanmoqchi.
Amerika urushni o‘rganish institutiga ko‘ra, Putin avvalroq o‘zining muvaffaqiyatsiz generallarini chetga surib qo‘ygan, ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘mondonlikdan tashqari xavfsizlik va mudofaa postlariga qayta tayinlagan, ba’zan esa “ayblaridan qutulib, Putin xizmatiga qaytishga” imkon bergan.