Putin Mirziyoyevga qo‘ng‘iroq qildi

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bugun, 24 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevni tavallud kuni bilan tabriklash maqsadida unga qo‘ng‘iroq qildi. 

Suhbat avvalida Rossiya yetakchisi Mirziyoyevni tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat hamda O‘zbekistonning barqaror taraqqiyoti va ravnaqi yo‘lidagi davlatchilik faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilagan.

Shuningdek, Vladimir Putin kuni kecha Shavkat Mirziyoyevni do‘stlik va ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashdagi katta xizmatlari uchun Aleksandr Nevskiy ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risida farmon imzolangani haqida xabar bergan. O‘zbekiston rahbari Rossiya Prezidentiga O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining bugungi darajasiga yuksak baho bergani va ularni yanada mustahkamlash masalalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirgan.

Suhbatda oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi ko‘rib chiqilgan. Hukumatlararo darajada yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlik mexanizmlari doirasida, shu jumladan savdo-iqtisodiy hamkorlikning yuqori sur’atini ta’minlash va ustuvor kooperatsiya loyihalarini ilgari surish maqsadida birgalikdagi faol ishlarni davom ettirish muhimligi qayd etilgan.

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari hududlar o‘rtasidagi samarali aloqalar va almashinuvlarni ham mamnuniyat bilan qayd etib, ularni yanada kengaytirish lozimligini ta’kidlaganlar.

Shuningdek, muloqotda, mintaqaviy kun tartibiga alohida e’tibor qaratilgan. Joriy yil sentyabr oyida Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik masalalari yuzasidan fikr almashilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Vladimir Putin

Baholaganlar

324

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing