Putin Maxachqal’a voqealari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazishi kutilmoqda
Olam
−
30 Oktabr 2023
9796Maxachqal’a voqealaridan so‘ng Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 30 oktyabr kuni Moskva vaqti bilan soat 19:00 (Toshkent vaqti bilan 21:00) atrofida G‘arbning Rossiya jamiyatini parchalashga urinishlarini muhokama qilish uchun katta yig‘ilish o‘tkazadi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga ma’lum qildi.
“Putin bugun Moskva vaqti bilan taxminan 19:00da yirik vakillik uchrashuvini o‘tkazishni va G‘arbning Rossiya jamiyatini bo‘linish uchun Yaqin Sharqdagi voqealardan foydalanishga urinishlarini muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Batafsil suhbat bo‘lib o‘tadi”, deydi Kreml vakili.
Peskovning bildirishicha, tadbir oflayn shaklda o‘tkaziladi. Unda Putin so‘zga chiqadi, keyin esa, kutilganidek, uchrashuv yopiq eshiklar ortida o‘tadi.
Uchrashuvda mamlakatning butun rahbariyati – Bosh vazir Mixail Mishustin, Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko, Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin, Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev, Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev, Bosh prokuror Igor Krasnov, hukumat raisining birinchi o‘rinbosari Andrey Belousov, Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Mudofaa vazirligi rahbari Sergey Shoygu, Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov, Rossiya gvardiyasi direktori Viktor Zolotov, Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin, RF Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin, Ichki ishlar vazirligi rahbarining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy ishtirok etadi.
Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Maxachqal’a voqealari ishtirokchilariga qarshi qanday choralar ko‘rilishi mumkinligi haqida izoh bermadi va ularga uchrashuvni kutishni taklif qildi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 29 oktyabr kuni Maxachqal’a aeroportida Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashayotgan bir paytda Tel-Avivdan muntazam reys kelishi munosabati bilan ommaviy tartibsizliklar yuz berdi. Bir necha yuz kishi aeroport binosiga va aerodromga kirib, keyinroq huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan majburan chiqarib yuborilgan. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, 20 dan ortiq kishi, jumladan politsiyachilar yaralangan, 60 nafari qo‘lga olingan. Dog‘iston rasmiylari va diniy yetakchilar voqeani qoralab, uni provokatsiya bilan bog‘lagan.
LiveBarchasi