Putin Kremlda ash-Shara bilan uchrashdi (video)
Olam
−
09:08 2748 2 daqiqa
Suriya o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Shara kecha, 28 yanvar kuni Moskvaga tashrif buyurdi va mamlakat yetakchisi Vladimir Putin bilan uchrashdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Bu uning so‘nggi uch oy ichidagi Rossiyaga ikkinchi safari bo‘ldi. U Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuv Damashq mamlakat hududining ustidan nazoratni qayta tiklashga yaqinlashgan bir paytda bo‘lib o‘tdi, jumladan, ilgari kurd kuchlari ta’sirida bo‘lgan shimoliy hududlar ham bunga kiradi.
Rossiyaning uchta harbiy ob’ektidan biri Qamishli ham aynan shu hududda joylashgan bo‘lib, ularning maqomi Suriya hukumati bilan muntazam muhokama qilinib kelinadi. Damashq Moskvada yana bir masalani ko‘targani aytilmoqda – bu Rossiyaga qochib ketgan, Bashar Asad davridagi sobiq yuqori martabali harbiylarning faolligi.
Bu tashrif ash-Sharaning birinchi safaridan uch oy o‘tib amalga oshdi. O‘shanda, 2025 yil oktyabrida u Moskva bilan munosabatlarni “qayta ishga tushirish” zarurligini ta’kidlagan edi. Joriy uchrashuvda ikki tomonlama aloqalar, ayniqsa iqtisodiy hamkorlikda sezilarli siljish bo‘lganini qayd etdi.
Vladimir Putin ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarda ijobiy dinamika paydo bo‘lganini, iqtisodiy hamkorlik jonlanayotganini aytgan va Rossiya kompaniyalari Suriyani qayta tiklashda ishtirok etishga tayyor ekanini bildirgan. Ahmad ash-Shara esa Rossiyaning mintaqani barqarorlashtirishdagi rolini yuqori baholagan.
Qayd etish joiz, Suriyadagi vaziyat to‘liq barqarorlashgani yo‘q. G‘arb nashrlari va mintaqaviy razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, sobiq Asad davriga mansub ayrim generallar chet eldan turib Suriyada yangi qarshilik harakatlarini shakllantirishga urinmoqda. Bundan tashqari, ISHID jangarilari soni ham so‘nggi bir yil ichida keskin oshgani qayd etilmoqda.
Vladimir Putin va Suriya yetakchisi o‘rtasidagi avvalgi uchrashuvda tomonlar sobiq prezident Bashar Asad hukumati davrida imzolangan kelishuvlarni qayta ko‘rib chiqish imkoniyatini muhokama qilgan. Shuningdek, muzokaralar chog‘ida Rossiyaning Suriyadagi harbiy bazalari masalasi ham ko‘tarilgan.
Eslatib o‘tamiz, ikki yetakchi o‘rtasidagi so‘nggi uchrashuvdan keyin Rossiyaning yuk samolyotlari yana Suriyaning Latakiya viloyatidagi Xmeymim aviabazasiga parvoz qilishni boshlagandi.