Rossiya samolyotlari Suriyadagi harbiy bazaga parvozlarni tikladi – OAV

Olam

image

Rossiyaning yuk samolyotlari yana Suriyaning Latakiya viloyatidagi Xmeymim aviabazasiga parvoz qilishni boshladi. Bu haqda “Flightradar24” ma’lumotlariga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.

Kuzatuvlarga ko‘ra, joriy yilning 26 oktyabr kuni Rossiya havo kuchlariga tegishli Il-62M transport samolyoti Liviyadan Latakiyaga uchib borgan, so‘ng u yerdan Moskva viloyatiga qaytgan. Shuningdek, og‘ir yuklarni tashishga mo‘ljallangan An-124-100 “Ruslan” samolyoti 24 oktyabrdan beri Xmeymim bazasiga uch marta borgan. “Flightradar24” ma’lumotlariga ko‘ra, uning so‘nggi reysi kecha, 29 oktyabr kuni amalga oshirilgan.

Kremlga yaqin manba maxfiylikni saqlash sharti bilan Rossiyaning harbiy bazaga parvozlarni qayta boshlaganini tasdiqlagan. “Bloomberg”ning yozishicha, Rossiya yuk samolyotlari qariyb olti oylik tanaffusdan so‘ng Suriyaga parvozlarni qayta yo‘lga qo‘ygan. Bu Moskva va Suriyaning yangi hukumati – sobiq prezident Bashar Asad rejimini ag‘darib tashlagan kuchlar o‘rtasida munosabatlarni tiklashga urinishlar fonida yuz bermoqda.

Ma’lumot uchun, Latakiya viloyatidagi Jabliya shahri yaqinida joylashgan Xmeymim aviabazasi, shuningdek, Tartusdagi dengiz bazasi bilan birga 2017 yilda Asad hukumati davrida Rossiyaga 49 yilga ijaraga berilgan. Ushbu ob’ektlar Kremlning Yaqin Sharq va Afrikadagi ta’sirini kengaytirish, shuningdek, qo‘shinlar, yollanma jangchilar va qurollarni tashish markazi sifatida xizmat qilgan.

Joriy yilning 28 oktyabr kuni Rossiya Mudofaa vaziri Andrey Belousov va Suriya Mudofaa vaziri Maxraf Abu Kasra uchrashuv o‘tkazgan.

“Bizning siyosiy yetakchilarimiz va harbiy idoralar o‘rtasidagi aloqalar mazmunli, samarali va katta istiqbolga ega”, deya ta’kidlagan Rossiya vaziri.

Uchrashuvda tomonlar “ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini amalga oshirish” masalalarini muhokama qilgan.

Bu muzokaralar Suriyaning o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Sharaning Moskvaga safaridan qariyb ikki hafta o‘tib bo‘lib o‘tgan. U o‘sha paytda Xmeymim va Tartusdagi Rossiya bazalarining taqdiri muhokamada qolayotganini bildirgandi. Shara Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgan, uchrashuvda Rossiyaning Suriyadagi harbiy ishtiroki masalasi ham muhokama qilingan.

Biroq joriy yilning 18 oktyabr kuni Suriya tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shiboniy ikki davlat rahbarlarining muzokaralari yakunida Rossiya bazalarining taqdiri hal etilmaganini ma’lum qilgan. U tomonlar mavjud bitimlarni, shu jumladan, ushbu masalaga oid kelishuvlarni qayta ko‘rib chiqishni muhokama qilganini bildirgan. Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova esa Suriya va Rossiya “Rossiya harbiy ob’ektlarining funksional rolini qayta shakllantirish” masalasida yopiq muzokaralar olib borganini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Suriya samolyot Xmeymim aviabazasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing