Putin koronavirusga qarshi emlanadi
Olam
−
27 dekabr 2020
5150Rossiya prezidenti Vladimir Putin koronavirusga qarshi emlanishni rejalashtirmoqda. Bu haqda uning matbuot kotibi Dmitriy Peskov “Rossiya 1” telekanali efirida ma’lum qildi.
“U o‘zining emlanishini aytdi, Prezident bunday qarorga kelgani va barcha rasmiyatchiliklar tugashini kutayotganini ta’kidladi”, deydi Peskov.
Unga ko‘ra, Prezidentning o‘zi yaqin kelajakda koronavirusga qarshi emlanish to‘g‘risidagi qarorini e’lon qiladi.
Peskov bu hali ham Putinning shaxsiy hayoti ekanini ta’kidlab, Prezidentning qizi vaksinani sinovdan o‘tkazish uchun ko‘ngillilar guruhiga qo‘shilishi mavzusini to‘xtatishni taklif qildi. Kreml vakili Putin qiziga Rossiya vaksinasiga bo‘lgan ishonch darajasini namoyish etish uchun ushbu qaror haqida aytganini qo‘shimcha qildi.
Joriy yilning avgust oyida koronavirusga qarshi Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasi ro‘yxatdan o‘tganini e’lon qilar ekan, Putin qizlaridan biri ushbu vaksina bilan emlanganini aytgandi. U shu tarzda eksperimentda ishtirok etganini ta’kidlagan.
17 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan katta matbuot anjumani chog‘ida Putindan vaksina qabul qilganmi yoki yo‘qmi, deb so‘rashgan. Bunga Prezident “yo‘q”, deya javob bergandi. Chunki o‘sha vaqtga qadar uning yosh toifasida vaksinadan foydalanish tasdiqlanmagan edi. Hozirda Vladimir Putin 68 yoshda.
Kecha, 26 dekabr kuni Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko Sog‘liqni saqlash vazirligi klinik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, ommaviy emlash uchun “Sputnik V” vaksinasidan 60 yoshdan oshgan odamlar ham foydalanishi mumkinligini tasdiqladi.
Vaksina ishlab chiqaruvchilarining ta’kidlashicha, klinik tadkikotlarda emlash qariyalarda 90 foizdan yuqori samaradorlik ko‘rsatgan.
LiveBarchasi