Putin Kimga hayvonlar sovg‘a qildi
Olam
−
21 noyabr
9696Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 20 noyabr kuni Shimoliy Koreyaning Pxenyan hayvonot bog‘i uchun 70 dan ortiq hayvon sovg‘a qildi. Bu haqda ABC News xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, hayvonlar Rossiya hukumatiga tegishli samolyotda Moskva hayvonot bog‘i xodimlari va mutaxassislari kuzatuvi ostida Pxenyanga olib ketilgan. Rossiya Ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Aleksandr Kozlov televideniye orqali bergan intervyusida ushbu holatga munosabat bildirgan.
“Tarixda hayvonlar har doim davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda alohida o‘rin egallab kelgan. Ular qo‘llab-quvvatlash, mehr va g‘amxo‘rlik ramzi sifatida sovg‘a qilingan”, deydi vazir.
Kozlovning ta’kidlashicha, hayvonlar tarkibida Afrika sheri, ayiq, qirg‘ovul, o‘rdak va oq kakadu bor.
Ma’lumot uchun, Pxenyan hayvonot bog‘i 1959 yildan beri mavjud bo‘lib, u yerdagi hayvonlar to‘plami Putinning sovg‘asi bilan boyitildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Putin KXDR yetakchisiga 24 bosh Orlov trotter zotli otini sovg‘a qilgandi. 19 bosh ayg‘ir va beshta toychoqdan iborat bu otlar Primorsk o‘lkasidagi quruqlik chegarasini kesib o‘tuvchi temiryo‘l orqali jo‘natilgandi. Bular Rossiya rahbarining Kim Chen Inga yuborgan ilk sovg‘alari emas. 2022 yilda ham o‘nlab jonivorlardan iborat partiya Pxenyanga jo‘natilgandi.
Mohinur Karimova
LiveBarchasi