Putin qaysi vaksina bilan emlanganini aytdi
Olam
−
30 iyun 2021
11028Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Sputnik V” vaksinasi bilan emlangan. Bu haqda Vladimir Vladimirovichning o‘zi bugun, 30 iyun kuni “Prezident bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa” loyihasida mamlakat fuqarolari savollariga javob berayotib ma’lum qildi.
Prezident emlandimi yoki yo‘q, nega videolavhasi ko‘rsatilmadi va u qaysi vaksina bilan emlandi, degan savolga Putin quyidagicha javob qaytargan:
“Biror bir vaksinaga boshqalari bilan raqobatda ustunlik bermaslik uchun mendan qaysi vaksina bilan emlanayotganimni aytmaslikni so‘rashdi. Videolavhaga keladigan bo‘lsak, buni ko‘rsatishni unchalik ham muhim, deb hisoblamayman. Agar vaksina qo‘lga emas, boshqa joyga qilingan bo‘lsa, bunday holatni ham ko‘rsatish kerakmi?”, deya kulib javob berdi Putin.
Rossiya Prezidentining qo‘shimcha qilishicha, hozir o‘zini vaksina olayotgandek ko‘rsatayotgan ayyorlar ko‘p. Tibbiyot xodimlari esa bu jarayonda rol o‘ynamoqda.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Putin joriy yilning 24 mart kuni koronavirusga qarshi emlangan. Biroq o‘shanda davlat rahbarining qaysi vaksina bilan emlangani ochiklanmagandi. Bundan tashqari ushbu jarayon aks etgan videolavha ham namoyish etilmagan. Bu esa jamoatchilikda turli xil savol va shubhalar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Keyinroq Vladimir Vladimirovich ushbu holatga quyidagicha ixoh berdi:
“Kimdir, qayerdadir shunday qilsa, biz ham siz bilan maymun bo‘lishimiz kerakmi? Menimcha yo‘q, axir kimdir ko‘zbo‘yamachilik qilishni istasa, buni uddasidan chiqish qiyin emas. Ukolni ko‘rsatib, aslida fizrastvor yoki kefir yuborish ham mumkin. Hazil albatta, vitaminlar deylik”.
Qayd etish kerakki, Rossiyaning koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinasi bilan Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev hamda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ham emlangan.
LiveBarchasi