Putin imkoni boricha To‘qayevni qo‘llashga va’da berdi
Olam
−
10 fevral 2022 5515 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevni qo‘llab-quvvatlash uchun bor imkoniyatini ishga soladi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 10 fevral kuni Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart To‘qayev bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
Rossiya yetakchisi Qozog‘istonda yanvar oyida bo‘lib o‘tgan voqealar haqida gapirar ekan, To‘qayev mamlakatdagi vaziyat “to‘laligicha normallashishi” uchun barcha choralarni ko‘rayotganini ta’kidladi.
“Biz Qozog‘istonda hayot barqaror, osoyishta oqimiga qaytganini ko‘rib turibmiz, jamiyat mamlakat rahbariyatining keng ko‘lamli muammolarni hal qilish yo‘lini to‘liq qo‘llab-quvvatlamoqda. Biz esa, o‘z navbatida, Rossiya ham Qozog‘iston Prezidentini qo‘llab-quvvatlash uchun hamma narsani qilamiz”, degan Putin.
Putin Qozog‘iston yanvar oyida ichki va tashqi buzg‘unchi kuchlar ko‘magida uyushtirilgan terroristik tajovuzga duch kelganini urg‘uladi. Rossiya rahbari bu voqealarni “mamlakat suvereniteti, yaxlitligi va barqarorligiga misli ko‘rilmagan tahdid” deb atadi.
“Aslida Qozog‘iston ichki va tashqi buzg‘unchi kuchlarning bevosita ishtirokida sodir etilgan terroristik tajovuz aktiga duch keldi”, degan Putin.
Shuningdek, Rossiya Qozog‘istonga harbiy mutaxassislarni, jumladan, Mudofaa vazirligiga qarashli oliy o‘quv yurtlarida kadrlar tayyorlashda yordam berishda davom etishi ta’kidlandi.
Avvalroq, To‘qayev Qozog‘istonda bo‘lgan tartibsizliklardan keyin ilk rasmiy tashrifini Rossiyaga amalga oshirishi haqida xabar bergan edik.
Live
Barchasi