Putin Gazprombankka Ilon Mask bilan ishlashni taklif qildi
Olam
−
22 fevral 2025 6891 2 daqiqa
Rossiya kompaniyalari amerikalik tadbirkor Ilon Mask AQSHda ma’muriy organlarni isloh qilishni tugatib, ilm-fan bilan shug‘ullanganidan keyin u bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi mumkin. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 21 fevral kuni “Kelajak texnologiyalari” forumiga tashrifi chog‘ida aytib o‘tdi.
Forumda Putin kompaniyalarning so‘nggi ishlanmalarini taqdim etayotgan stendlarini ko‘zdan kechirdi. Gazprombank boshqaruvi raisining o‘rinbosari Dmitriy Zauers Prezidentga o‘simtalarni olib tashlash bo‘yicha ochiq operatsiyalar davomida miya yarim korteksining nutq zonalari kabi sohalariga zarar yetkazilishini topish va oldini olish uchun zarur bo‘lgan yumshoq biomos keluvchi matritsani ko‘rsatdi. Zauers texnologiyani Neuralink kompaniyasi miya implantatsiyasini ishlab chiqayotgan Maskga Rossiyaning javobi deb atadi.
U, shuningdek, davlat rahbariga Rossiyada ishlab chiqilayotgan, robototexnika, kosmik tizimlar, shuningdek, avtonom statsionar ob’ektlar qurilishida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan energiya saqlash qurilmalarini ko‘rsatdi. Zauers texnologiyani Rossiyaning Maskga bergan “ikkinchi javobi” deb atadi.
“U AQSHda ma’muriy organlarni isloh qilishni tugatadi va biznesga, ilm-fanga kirishadi. Siz u bilan hamkorlik qilasiz. Biz koinotda birga ishlashga rozimiz, bu yerda ham ishlay olamiz”, dedi Putin.
Ilon Mask SpaceX xususiy kosmik kompaniyasiga asos solgan va miya chiplarini ishlab chiqaruvchi Neuralink kompaniyasini yaratdi. Hozirgacha kompaniya qurilmalari allaqachon uchta bemorga implantatsiya qilingan.
Donald Tramp hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng Mask hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari bo‘ldi.
Rossiya va AQSH sanksiyalar cheklovlariga qaramay, Ukrainada urush boshlanganidan keyin kosmik sohadagi hamkorlikni davom ettirdi. Xususan, Roskosmos va NASA fevral oyida o‘zaro parvozlar bo‘yicha kelishuvni yana bir bor, bu safar 2026 yilgacha uzaytirdi.
Live
Barchasi