Putin Erdo‘g‘anni O‘zbekistonga taklif qildi
Olam
−
06 avgust 2022
40241Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘anni sentyabr oyida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga taklif qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Qayd etilishicha, Erdo‘g‘an kecha, 5 avgust kuni Sochi safaridan qaytgach, jurnalistlar bilan samolyotda suhbat qilgan.
“Sentyabr oyida Shanxay beshligi O‘zbekistonda uchrashadi. [Sochidagi] uchrashuvimiz chog‘ida janob Putin bizning ham ishtirok etishimizni so‘radi. Agar imkoniyat bo‘lsa, uchrashuvda qatnashishimiz mumkin. Xitoy keladi, boshqa tomondan Saudiya Arabistoni keladi, Qatar keladi. Biz ular bilan birga bo‘lishga harakat qilamiz. Umid qilamanki, favqulodda hech narsa sodir bo‘lmasa, men u yerda bo‘laman”, degan Erdo‘g‘an.
Ma’lumot uchun, Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Samarqand sammiti 2022 yil 15-16 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Mazkur sammit Eron 2021 yil sentyabrida tashkilotga to‘laqonli ishtirokchi sifatida qo‘shilganidan beri birinchisidir.
Unda SHHTga a’zo davlatlar, xususan, O‘zbekiston, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Pokiston, Hindiston va Eron. Afg‘oniston, Mo‘g‘uliston va Belarus tashkilotda kuzatuvchi, Turkiya esa muloqot bo‘yicha hamkor sifatida ishtirok etadi.
Sammitda tashkilotga a’zo ko‘plab davlatlar bilan umumiy chegaraga ega Afg‘onistondagi vaziyat har tomonlama muhokama qilinadi va muhim qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda.
Avvalroq, Vladimir Putin va Aleksandr Lukashenko Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelishini ma’lum qilgan edi.
LiveBarchasi