Putin Dumaga KXDR bilan harbiy hamkorlik bitimini taqdim etdi
Olam
−
15 Oktabr
3367Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Davlat dumasiga Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklik shartnomasini ratifikatsiya qilishni taklif qildi. Bu bo‘yicha tegishli qonun loyihasi parlament quyi palatasining elektron ma’lumotlar bazasida e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 19 iyun kuni Putinning Pxenyanga tashrifi chog‘ida imzolagan 23 moddadan iborat shartnoma de-fakto harbiy ittifoqni nazarda tutadi. Chunki unda ikki davlatdan biriga hujum qilingan taqdirda “barcha mavjud vositalar bilan” yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi band mavjud.
Yangi davlatlararo shartnoma 1961 yildagi “Do‘stlik va o‘zaro yordam” shartnomasi, 2000 yildagi “Do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi” shartnoma, shuningdek, 2000 va 2001 yillarda imzolangan “Pxenyan va Moskva deklaratsiyalari” o‘rnini egallashi kutilmoqda. “Ijtimoiy fikr” jamg‘armasi so‘roviga ko‘ra, yangi kelishuvni rossiyaliklarning 70 foizi ijobiy baholagan.
Qayd etish joiz, Putin shartnomani Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Shimoliy Koreya Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga amalda qo‘shilgani haqida bayonoti fonida ratifikatsiya qilish uchun taqdim etdi.
Avvalroq, “The Guardian”ning Ukrainadagi manbasi KN-23 ballistik raketalarini qo‘llab-quvvatlovchi guruhlar tarkibida o‘nlab shimoliy koreyaliklar front chizig‘i bo‘ylab Rossiya tomonida bo‘lganini aytgan. Bungacha ham Ukraina razvedkasi Donetsk viloyatining bosib olingan qismiga Ukraina qurolli kuchlarining hujumi oqibatida KXDRning olti zobiti halok bo‘lgani haqida xabar bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zelenskiy Rossiya armiyasi Shimoliy Koreya askarlari bilan to‘ldirilayotganini e’lon qilgan edi.