Putin davlat to‘ntarishidan qo‘rqib, Moskvaga elita qo‘riqchisini joylashtirdi – “The Sun”

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin davlat to‘ntarishi oqibatida hokimiyatdan ag‘darilishidan qo‘rqib, xavfsizlikni kuchaytirish uchun Moskvaga Rossiya armiyasining elita bo‘linmasi joylashtirdi. Bu haqda Ukraina razvedkasidagi manbalarga tayanib, “The Sun” nashri xabar bermoqda. 

Razvedka rasmiylarining aytishicha, Rossiya Milliy gvardiyasining elita bo‘linmasi Rossiya poytaxti atrofida xavfsizlikni kuchaytirmoqda va barcha harbiy qismlar “yuqori shay holatga keltirilmoqda”.

Ukraina razvedkasiga ko‘ra, general-mayor Nikolay Kuznetsov qo‘mondonligidagi 18 ming kishilik harbiy qism poytaxtda blokadalar o‘rnata boshlagan va Rossiya xavfsizligiga tahdid deb hisoblangan askarlarni hibsga olgan. 

Bu Putin “terrorchilik akti” deb atagan Kerch ko‘prigi portlashidan ikki kun o‘tib, kecha, 10 oktyabr kuni o‘z Xavfsizlik kengashining tezkor yig‘ilishini o‘tkazishni rejalashtirayotgan paytga to‘g‘ri kelgan. 

Joriy yilning 8 oktyabr kuni Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi harbiylarning ommaviy hibsga olinishi sababli Moskva markazi bloklanganini xabar qilgandi.

Shuningdek, Moskva va Sankt-Peterburgning 18 tumanidagi munitsipal deputatlar Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning iste’fosini talab qilib, ommaviy bayonotni imzolagani ma’lum qilindi. 

OAV yozganidek, Rossiya elitasi va yuqori amaldorlari Putinning ehtimoliy vorislari nomzodlarini muhokama qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, AQSHning 45-prezidenti milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Bolton "CBS News" telekanaliga bergan intervyusida “agar Rossiya Federatsiyasi yadro qurolidan foydalansa, Putin o‘z xavfsizligiga tahdid soladi”, deb aytgan edi. Bunga javoban Kreml voizi Dmitriy Peskov Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning xavfsizligi barcha mavjud tahdidlarni hisobga olgan holda tegishli darajada ta’minlanganini aytib chiqdi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Davlat to'ntarishi

Baholaganlar

593

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing