Putin Bayden bilan bo‘lajak uchrashuvi va Belarusdagi siyosiy inqiroz haqida gapirdi

Olam

image
Belarusni “titratgan” namoyishlar targ‘ibotchisini Rossiya moliyalashtirgani aytilmoqda north_east

Belarusni “titratgan” namoyishlar targ‘ibotchisini Rossiya moliyalashtirgani aytilmoqda

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda Amerika rahbari bilan ikki tomonlama munosabatlarni tartibga soluvchi yo‘llarni topishi kerakligini aytdi. Bu haqda Prezident Putin bugun, 4 iyun kuni Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi yalpi majlisda aytib o‘tdi.

“Biz ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qilamiz. Ushbu munosabatlarni tartibga solish yo‘llarini izlashimiz kerak. Bugun ular juda past darajada va hammamiz buni yaxshi bilamiz”, deydi Rossiya rahbari.

Putin so‘zida davom etar ekan, Bayden bilan uchrashuvining kun tartibida turuvchi mavzularga batafsil to‘xtaldi. 

“Biz strategik barqarorlik, eng qaynoq xalqaro nizolarni hal qilish haqida gaplashamiz. Shuningdek, qurolsizlanish jarayonlari va terrorizmga qarshi kurash haqida ham suhbatlashamiz, deb umid qilaman. Pandemiyaga qarshi kurash va ekologik muammolar. Bu taxminiy kun tartibi”, deydi Rossiya Prezidenti.

Putinga ko‘ra, Rossiya AQSH bilan hech qanday kelishmovchiliklarga ega emas, biroq Amerika tomoni Rossiyaning rivojlanishini cheklash borasidagi istagini yashirmayapti.

“Bizda Qo‘shma Shtatlar bilan hech qanday kelishmovchiliklar yo‘q. Ularda esa bitta kelishmovchilik bor: ular bizning rivojlanishimizni to‘xtatib qo‘yishni istaydi. Va ular bu haqda ochiqchasiga gapirmoqda”, deydi Putin.

Eslatib o‘tamiz, Putin va Baydenning birinchi yuzma-yuz uchrashuvi 16 iyun kuni Jenevada bo‘lib o‘tadi. Kreml ilgari xabar berganidek, rahbarlar Rossiya-Amerika munosabatlarining joriy holati va kelgusidagi rivojlanish istiqbollari, strategik barqarorlik masalalari, shuningdek kun tartibidagi dolzarb xalqaro masalalarni, jumladan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda o‘zaro harakatlarni muhokama qiladi.

Prezident Putin Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi yalpi majlisda bir qancha xalqaro masalalar qatori so‘nggi vaqtlarda jahon hamjamiyati e’tiborini tortayotgan Belarusdagi voqealarga ham to‘xtalib o‘tdi. 

Vladimir Vladimirovich Rossiya Belarusdagi ichki siyosiy voqealarga nisbatan neytral pozitsiyani egallashi hamda bu Belarus xalqining ishi ekanini ma’lum qildi

Ma’lumot o‘rnida, so‘nggi vaqtlarda Belarusda ichki siyosiy muvozanat buzilgan. Buning ildizi 2020 yilning avgust oyida mamlakatda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlariga borib taqaladi. Saylov natijalariga ko‘ra, 80 foiz ovoz bilan Belarusni 1994 yildan beri boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenko g‘alaba qildi. Biroq ushbu natijalar aholining katta qismida shubha uyg‘otdi va muxolifatning chaqiruvi bilan mamlakatda namoyishlar boshlandi. Bir necha oy davom etgan miting va marshlar hech qanday foyda keltirmadi. Lukashenko hokimiyatni o‘z qo‘lida saqlab qoldi. Muxolifat hamda uning ko‘plab tarafdorlari esa Polsha, Litva kabi Yevropa davlatlariga qochib ketdi va u yerdan siyosiy boshpana topdi.  

Ushbu voqealarning davomi sifatida yaqinda yuz bergan yana bir holat jahon hamjamiyatining keng muhokamasiga sabab bo‘lmoqda. Bu 23 may kuni Gretsiyaning Afinasidan Litvaning Vilnyus shahriga uchib ketayotgan “Ryanair” aviakompaniyasining samolyoti Minskga qo‘ndirilishi bilan bog‘liq. 

Ma’lum bo‘lishicha, samolyot bu vaqtda Belarus osmonida parvoz qilayotgan bo‘lgan va mamlakat Harbiy havo kuchlariga qarashli MiG-29 qiruvchisi yo‘lovchi samolyotining majburiy tarzda qo‘ndirilishini ta’minlagan. Rasmiylar bunday favqulodda harakatga samolyotda bomba borligi haqidagi xabarni sabab qilib ko‘rsatdi. Keyinchalik, bu xabar o‘z tasdig‘ini topmadi. 

Ma’lum bo‘lishicha ushbu samolyot bortida bomba emas, Belarusda terrorizmga aloqadorlar ro‘yxatiga kiritilgan jurnalist Protasevich bo‘lgan va u darhol hibsga olingan.

Nega jurnalist Protasevich Belarusda terrorizmga aloqadorlar ro‘yxatiga kiritilgan?

Gap shundaki, Protasevich bosh muharrirlik qilgan Nexta Telegram kanali 2020 yilning yozida Belarusda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan so‘ng boshlangan va bir necha oy davom etgan norozilik namoyishlarini yoritgan va ommani unda qatnashishga chorlagan.

Qayd etish kerakki, Nexta Telegram kanali Belarusda ekstremistik, deb topilgan. 

Protasevich esa Belarusda “ommaviy tartibsizliklar uyushtirish”da (bu uchun 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin) va “guruh bo‘lib jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzganlik”da (uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin) ayblanmoqda. 

Bundan tashqari, unga nisbatan kasbiy mansubligi asosida “ijtimoiy adovatni qo‘zg‘atishga qaratilgan xatti-harakatlarni qasddan sodir etish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan (eng yuqori jazo 12 yil).

“Ryanair” voqeasidan so‘ng Litva Belarusdan samolyotlarni qabul qilishni to‘xtatdi, Yevropa Kengashi Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga “Belavia”ning barcha parvozlarini taqiqlashni buyurdi, shuningdek, Buyuk Britaniya ham “Belavia”ning parvozlariga ruxsatni to‘xtatdi. 

Yevropaning Fransiyaning “Air France”, Latviyaning “airBaltic” Gollandiyaning KLM, Skandinaviyaning SAS, Vengriyaning “Wizz Air”, Germaniyaning "Lufthansa", Finlyandiyaning "Finnair" aviakompaniyasi Belarus havo hududidan foydalanmasligini ma’lum qildi. Shuningdek, Ukraina 26 may yarim tundan boshlab Belarus bilan parvozlarni rasmiy ravishda to‘xtatdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

93

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing