Putin Armanistonga kelsa, hibsga olinishi aytildi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Armanistonga borgan taqdirda mamlakat rasmiylari uni hibsga olishga majbur bo‘ladi. Sababi Armaniston Konstitutsiyaviy sudi mamlakatning asosiy qonuniga muvofiq Xalqaro jinoiy sudning (XJS) Rim statuti bilan mustahkamlangan majburiyatlarni tan oldi. Bu haqda kecha, 24 mart kuni Armaniston “News” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Armaniston XJSning Rossiya Prezidenti Putinni hibsga olishga order bergani fonida ushbu majburiyatni tan olgan. Sud qarori yakuniy hisoblanib, u e’lon qilingan paytdan boshlab kuchga kiradi. Endi Rim statuti Armaniston parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilinsa, Armaniston Vladimir Putin mamlakatga borgan taqdirda uni hibsga olish majburiyatini oladi.

Armaniston hukumati 2022 yil oxirida Rim nizomini tan olish masalasi bo‘yicha Konstitutsiyaviy sudga Ozarbayjonni Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi ikki tomonlama mojaro paytida sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikka tortish maqsadida murojaat qilgan.

Statut 1998 yilda imzolangan, ammo hozirgacha Armaniston uni ratifikatsiya qilmagan, chunki 2004 yilda Konstitutsiyaviy Sud shartnoma majburiyatlarini o‘sha paytda amal qilgan mamlakat Konstitutsiyasining bir qator qoidalariga zid deb tan olgan.

Armaniston Konstitutsiyaviy sudining ushbu qarori XJSning Gaagadagi dastlabki tergov palatasi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni, shuningdek, Rossiyadagi bola huquqlari bo‘yicha komissari Mariya Lvova-Belovani hibsga olish to‘g‘risida order berganidan bir hafta o‘tgach, ma’lum bo‘ldi. Ular harbiy jinoyatlarda, xususan, Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga majburan deportatsiya qilishda gumon qilinmoqda.

Moskva 2022 yil 24 fevralda boshlangan Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin u yerda sodir bo‘lgan harbiy jinoyatlarga aloqadorligini rad etgan. Rossiya XJSning yurisdiksiyasini tan olmaydi va uning ishida ishtirok etmaydi. 2016 yildan beri u sudning harakatlarini belgilaydigan Rim statuning ishtirokchisi emas. O‘z navbatida, XJS ham harbiy jinoyatlar uchun tergov qilingan va jazolangan davlat rahbarlarining daxlsiziligni tan olmaydi.

Putin uchun XJSning hibsga olish to‘g‘risidagi orderi u Rim statutini ratifikatsiya qilgan va Xalqaro jinoyat sudining yurisdiksiyasini tan olgan mamlakatlarga kira olmasligini anglatadi. Sababi mahalliy hokimiyat uni hibsga olishga majbur bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 mart kuni Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud Putinni ukrainalik bolalarni noqonuniy deportatsiya qilishda ayblab, uni qamoqqa olishga order bergandi. Shundan so‘ng, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova Xalqaro jinoiy sudning qarorlari Rossiya uchun ahamiyatga ega emasligini ma’lum qilib, buni mamlakatning Rim statutini imzolamagani, shu sababli uning majburiyatlarini o‘z zimmasiga olmasligi bilan izohlagandi. 20 mart sanasida esa Rossiya Tergov qo‘mitasi tomonidan Gaagadagi Xalqaro jinoiy sudga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban ma’muriyati rahbari Gergey Guyyash Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Vengriyaga kelsa, rasmiylar uni hibsga olmasligini aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Putin Armaniston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing