Putin Aliyevga sim qoqdi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 24 oktyabr kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali suhbat o‘tkazdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.

Muloqot davomida ikki davlat rahbarlari 9 oktyabrda Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan MDH sammiti doirasidagi uchrashuvning davomi sifatida kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qilgan. Shu bilan birga, mintaqaviy hamkorlik va xalqaro vaziyatning ayrim jihatlari haqida ham fikr almashilgan.

Kreml xabariga ko‘ra, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, energetika va transport-logistika sohasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklari tasdiqlangan. Shuningdek, turli darajadagi aloqalarni davom ettirishga kelishib olingan.

Ozarbayjon Prezidenti matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Putin Aliyevga qo‘ng‘iroq qilgan. Telefon suhbati davomida mintaqaviy hamkorlikning ayrim jihatlari va xalqaro vaziyat muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 9 oktyabr kuni Tojikistonning Dushanbe shahrida Putin va Aliyev yuzma-yuz uchrashgan edi. Ushbu uchrashuvda Rossiya rahbari 2024 yilning dekabrida Ozarbayjon havo yo‘llariga tegishli samolyot qulashi bo‘yicha tergovga Moskva yordam ko‘rsatayotganini bildirgan. Putinning so‘zlariga ko‘ra, halokat sabablari orasida o‘sha paytda osmonda Ukrainaga tegishli uchquvchisiz apparat (dron) mavjud bo‘lgani ham qayd etilgan.

Rossiya Prezidenti, shuningdek, mamlakati tomonidan otilgan ikki raketa samolyotga to‘g‘ridan to‘g‘ri tegmagani, balki bir necha metr masofada portlaganini ta’kidlagan. Moskva fojea qurbonlarining oilalariga kompensatsiya to‘lashi hamda aybdorlarga huquqiy baho berishi ma’lum qilingan.

Qayd etish joiz, AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot 2024 yilning 25 dekabrda Baku – Grozniy reysi davomida Qozog‘iston hududidagi Aqtau shahri yaqinida qulagan. Bortdagi 67 kishidan 39 nafari halok bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Ozarbayjon Ilhom Aliev AZAL

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing