Putin Aliyevga qulagan samolyot uchun tovon to‘lashini aytdi
Olam
−
09 Oktabr 2025 9628 3 daqiqa
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bugun, 9 oktyabr kuni Tojikistonga davlat tashrifi doirasida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Vladimir Putin Ilhom Aliyev bilan uchrashuvni 2024 yil oxirida sodir bo‘lgan AZAL aviakompaniyasi samolyoti fojiasiga oid vaziyatni muhokama qilishdan boshlashni taklif etdi.
Putinning aytishicha, halokat sabablari orasida ukrain harbiy dronining havoda bo‘lgani ham bor. Uning ta’kidlashicha, fojia sodir bo‘lgan kuni Rossiya hududini kesib o‘tgan uchta ukrain droni kuzatilgan. Putinning ma’lum qilishicha, Rossiyaning havo mudofaa tizimi tomonidan uchirilgan ikki raketa AZAL samolyotiga bevosita tegmagan, balki faqat bir necha metr masofada portlagan. Aliyev bilan uchrashuv chog‘ida Rossiya rahbari samolyotga ehtimol poralanuvchi urush qismlari emas, balki raketa parchalari teggan bo‘lishi mumkinligini aytdi.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, samolyot ekipajiga Maxachqalaga qo‘nish taklif qilingan, biroq ular bazaviy aeroportga yo‘nalishni davom ettirishni tanlagan. Rossiya Prezidentining ta’kidlashicha, AZAL samolyoti halokati bilan bog‘liq holda barcha mas’ul mansabdor shaxslarning harakatlariga huquqiy baho beriladi.
Putin Rossiya osmonida sodir bo‘lgan ushbu fojia uchun avval ham uzr so‘raganini eslatib, yana bir bor halok bo‘lganlarning oilalariga ta’ziya bildirdi. Putinning ta’kidlashicha, Moskva katastrofani tergov qilishga to‘liq yordam ko‘rsatmoqda va Rossiya tovon to‘lash masalasida zarur ishlarni amalga oshirishga tayyor.
“Bizga yuklatilgan burch – yana bir bor takrorlayman – sodir bo‘lgan barcha voqealarga ob’ektiv baho berish va haqiqiy sababni ochiq e’lon qilishdir”, dedi Rossiya Prezidenti.
Ma’lumot uchun, Embraer 190 samolyoti 2024 yil 25 dekabr kuni Baku-Grozniy yo‘nalishida parvoz qilayotganda Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida qulagan edi. Dron hujumlari sabab Checheniston poytaxtiga qo‘na olmagan samolyot majburiy ravishda marshrutni o‘zgartirgan. Bortidagi 67 kishidan 39 nafari halok bo‘lgan, ular orasida 16 rossiyalikdan 7 kishi bor edi.
Qayd etish joiz, bu ikki liderning bir yil ichidagi birinchi uchrashuvi bo‘lib, muzokaralar Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tmoqda.
Dushanbe shahridagi muzokaralar uzoq tanaffusdan keyingi ilk to‘laqonli uchrashuv bo‘ldi. Putin va Aliyev so‘nggi marta sentyabr oyida Xitoyda SHHT sammiti doirasida ko‘rishgan edi, biroq, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ta’kidlaganidek, o‘shanda mazmunli muloqot bo‘lmagan.
Prezidentlarning so‘nggi rasmiy uchrashuvi o‘tgan yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan. Putin va Aliyev o‘rtasidagi birinchi telefon suhbati esa joriy yil 7 oktyabrda – Rossiya prezidentining tug‘ilgan kunida amalga oshgan. Kreml vakili ushbu suhbatni muhim deb atagan.
Peskovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi muzokaralar kun tartibida, eng avvalo, ikki tomonlama munosabatlar turadi.
“Uchrashuvning o‘ziyoq ikki liderning dolzarb masalalarni muhokama qilish niyati borligini ko‘rsatadi”, dedi Peskov.
U Ozarbayjon tomoni nomidan gapira olmasligini, ammo Rossiya tomoni ijobiy kayfiyatda ekanini qayd etdi.
“Rossiya va Ozarbayjon munosabatlarida muammolar mavjud, ammo hamkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan qiziqish barchasini o‘z o‘rnig‘a qo‘yadi”, degan edi Vladimir Putin sentyabr oyi boshida.
Live
Barchasi