Ozarbayjon AZAL samolyoti halokati yuzasidan Rossiyaga qarshi sudga da’vo qilmoqchi
Olam
−
20 iyul 12367 3 daqiqa
Ozarbayjon 2024 yilning dekabrida Qozog‘istonda halokatga uchragan Ozarbayjon havo yo‘llarining (AZAL) Embraer 190 samolyoti halokati bilan bog‘liq holda Rossiyaga qarshi xalqaro sudlarga taqdim etish uchun hujjatlarni tayyorlamoqda. Bu haqda mamlakat Prezidenti Ilhom Aliyev Xonkendidagi Shusha media-forumida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.
Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, yetti oy davomida Ozarbayjon Rossiya tomonidan birorta ham aniq javob olmagan. Uning aytishicha, Ozarbayjon Bosh prokurori muntazam ravishda Rossiya Tergov qo‘mitasiga so‘rovlar yuboradi, biroq bunga javoban faqat “tergov davom etmoqda” degan gap keladi. Aliyev bu pozitsiyani “teskari samarasiz” deb atadi.
“Biz nima bo‘lganini bilamiz va buni isbotlay olamiz. Biz bilamizki, Rossiya rasmiylari ham sodir bo‘lgan voqeadan xabardor. Nima uchun ular bunday vaziyatda biron-bir qo‘shni qiladigan ishni qilmayapti”, deydi Aliyev.
Aliyevning ta’kidlashicha, Ozarbayjon o‘z aybiga iqror bo‘lishni, halok bo‘lganlarning oila a’zolariga tovon to‘lashni va AZAL aviakompaniyasining samolyot yo‘qolgani uchun yetkazgan zararini qoplashni talab qiladi. Uning eslatishicha, Malaysia Airlines aviakompaniyasining Boeing 777 halokati bo‘yicha tergov ishlari o‘n yildan ortiq davom etgan va uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon ham “kerak bo‘lganda kutishga” tayyor.
Ozarbayjon Prezidenti Rossiya-Ukraina mojarosiga ham izoh berdi. “Ukrainaga qanday maslahat bera olasiz?” degan savolga Aliyev quyidagicha javob qaytardi:
“Hech qachon bosib olishga rozi bo‘lmang, biz shunday qildik”.
U vaziyatni Tog‘li Qorabog‘ yuzasidan Armaniston bilan bo‘lgan mojaroga qiyosladi.
Embraer 190 samolyotining qulashi
25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchradi. Samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot qulashida 38 kishi halok bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi.
Dastlab samolyotning halokatiga qushlar galasi bilan to‘qnashib ketgani sabab bo‘lgani aytilgan edi. Keyinroq “Euronews” Ozarbayjon hukumatidagi manbalariga tayanib, ushbu aviahalokat Rossiya tomonidan uchirilgan yer-havo sinfidagi raketa tufayli sodir bo‘lganini e’lon qildi. Shuningdek, AZAL Embraer 190 samolyoti halokatining dastlabki sababi sifatida tashqi jismoniy va texnik ta’sirlarni ko‘rsatdi.
Ozarbayjonning Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashod Nabiyev ham samolyot halokatiga “tashqi aralashuv” sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. AQSH ham laynerning qulashida Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlarining ta’sirini ta’kidladi.
Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Keyinchalik Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyevdan 2 marta kechirim so‘raganini ma’lum qildi.
Checheniston hukumati esa Ramzan Qodirovning topshirig‘i bilan Baku-Grozniy yo‘nalishidagi AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati oqibatida vafot etgan va jabrlanganlarning oilalariga moliyaviy va boshqa yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Lekin Ozarbayjon Prezidenti ma’muriyati hech qanday yordamga muhtoj emasligini va bunday yordamni qabul qilmasligini ma’lum qildi.
Live
Barchasi