Putin Aliyev bilan Qorabog‘dagi vaziyatni muhokama qildi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyev telefon orqali muloqot qilib, Qorabog‘ bo‘yicha uch tomonlama kelishuvlarni amalga oshirish va ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. Bu haqda Kreml xabar bermoqda. 

“Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston rahbarlarining 2020 yil 9 noyabr, 2021 yil 11 yanvar va 26 noyabrdagi kelishuvlari ijrosi ko‘rib chiqilib, mintaqada tinch-osoyishta hayot o‘rnatish va barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiy aloqalar va transport kommunikatsiyalarini blokirovkadan chiqarish bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratildi”, deyiladi xabarda. 

Bundan tashqari, Aliyev Rossiya rahbarini 22 may kuni Bryusselda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv haqida ham ma’lumot bergan.  

“Savdo-iqtisodiy sohadagi ikki tomonlama hamkorlikning ayrim dolzarb jihatlari muhokama qilindi. Rossiya-Ozarbayjon strategik sherikligini yanada chuqurlashtirishga o‘zaro moyillik, shu jumladan, Ozarbayjon Prezidentining fevral oyida Moskvaga rasmiy tashrifi yakunlarini hisobga olgan holda tasdiqlandi”, deyiladi xabarda. 

Kreml suhbat Ozarbayjon tomonining tashabbusi bilan bo‘lib o‘tganini, yetakchilar turli darajadagi muntazam aloqalarni davom ettirishga kelishib olganini ma’lum qilmoqda. 

Qorabog‘ urushi

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib olishdi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10-siga o‘tar tunda “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Shunisi aniqki, urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan Bayraktar uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Ilhom Aliev Qorabog'

Baholaganlar

15

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing