Putin Aliyev bilan chegaradagi mojarolarni muhokama qildi
Olam
−
13 Oktabr 2022
5292Ozarbayjon Armaniston bilan uzoq muddatli tinchlikka erishmoqchi. Bu haqda bugun, 13 oktyabr kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammiti doirasida rossiyalik mavqedoshi Vladimir Putin bilan uchrashuvda Prezident Ilhom Aliyev ma’lum qildi.
“Har bir uchrashuvda mintaqamizdagi muammolarni, xavfsizlik masalalarini, mintaqada tinchlikka erishishni chetlab o‘tmaymiz. Bugun ham shu haqda ham gaplashamiz. Biz uzoq muddatli tinchlik tarafdorimiz va o‘z navbatida tinchlikka nihoyat erishilishi uchun yetarlicha konstruktiv tezislar taklif qilganimizga ishonamiz”, deydi Aliyev.
Joriy yilning mart oyida Baku yerevanga ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha beshta asosiy tamoyilni o‘z ichiga olgan takliflarni taqdim etgan edi. Jumladan, davlatlarning suvereniteti, hududiy yaxlitligi, bir-birining chegaralari daxlsizligi va siyosiy mustaqilligini o‘zaro tan olishi, bir-biriga nisbatan hududiy da’volar yo‘qligini tasdiqlash va kelgusida bunday da’volarni qo‘ymaslik majburiyati, kuch ishlatish bilan tahdid qilishdan voz kechish. Shuningdek, takliflar chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish hamda diplomatik munosabatlar o‘rnatish, transport va boshqa kommunikatsiyalarni ochish hamda tomonlarni qiziqtirgan boshqa sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni ham o‘z ichiga oladi.
“Tabiiyki, biz mintaqadagi vaziyatni tartibga solish bilan bog‘liq masalalarni doimo e’tiborda ushlab turamiz”, deydi Putin.
Rossiya rahbari Aliyev bilan navbatdagi uchrashuvdan juda mamnun ekanligini ta’kidladi.
“Biz siz bilan muntazam uchrashib turamiz va har doim gaplashadigan narsa bor, chunki juda ko‘p turli sohalarda o‘zaro aloqalar juda katta”, deya tushuntirdi Rossiya Prezidenti.
U Rossiya Ozarbayjonning yetakchi savdo-iqtisodiy sheriklaridan biri bo‘lib qolayotganini, davlatlar o‘rtasidagi savdo aylanmasi o‘sib borayotganini, Rossiya iqtisodiy operatorlari Ozarbayjon iqtisodiyotiga 4,5 milliard dollar sarmoya kiritganini eslatdi.
“Hukumatlararo komissiya hamraislari muntazam ravishda uchrashib turadi, Aliyev taklif qilgan reja asosida bir qator istiqbolli, qiziqarli loyihalar ustida ish olib borilmoqda”, deydi Putin.
LiveBarchasi