Putin Aqtaudagi aviahalokat yuzasidan To‘qayevga ham sim qoqdi

Olam

image

Bugun, 28 dekabr kuni Rossiya tomonining tashabbusi bilan Prezident Vladimir Putin Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan telefon orqali muloqot qildi va Aqtauda halokatga uchragan samolyot yuzasidan fikr almashdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, davlat rahbarlari joriy yilning 25 dekabr kuni Aqtau shahri yaqinida Azerbaijan Airlines aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati munosabati bilan hamdardlik bildirgan. Samolyot bortida Rossiya va Qozog‘iston fuqarolari ham bo‘lgan. Tomonlar Qozog‘iston hukumat komissiyasining halokat tafsilotlarini tergov qilish ishlari haqida fikr almashgan. Bu jarayonda samolyotning bort yozuv qurilmalarini (qora qutini) dekodlash uchun Rossiya, Ozarbayjon va Braziliyadan ekspertlarni jalb qilish rejalashtirilgan.

“Tergov ishlari Qozog‘iston hududida xolis va shaffof ravishda amalga oshiriladi. Qozog‘iston Prezidenti Vladimir Putinga Leningrad viloyatida yaqinda o‘tgan MDHning norasmiy sammiti va Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishi davomida ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik uchun minnatdorchilik bildirdi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, davlat rahbarlari Ozarbayjon samolyoti halokati bilan bog‘liq barcha holatlarni tergov qilishda hamda Rossiya-Qozog‘iston hamkorligini rivojlantirishning dolzarb masalalari bo‘yicha muntazam muloqotni davom ettirishga kelishib olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Putin Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib, Ozarbayjon havo yo‘llari yo‘lovchi samolyoti bilan bog‘liq fojiali voqea Rossiya havo hududida sodir bo‘lgani uchun uzr so‘ragan edi.

Embraer 190 samolyotining qulashi

25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchradi. Samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot qulashida 38 kishi halok bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi. 

Dastlab samolyotning halokatiga qushlar galasi bilan to‘qnashib ketgani sabab bo‘lgani aytilgan edi. Keyinroq “Euronews” Ozarbayjon hukumatidagi manbalariga tayanib, ushbu aviahalokat Rossiya tomonidan uchirilgan yer-havo sinfidagi raketa tufayli sodir bo‘lganini e’lon qildi. Shuningdek, AZAL Embraer 190 samolyoti halokatining dastlabki sababi sifatida tashqi jismoniy va texnik ta’sirlarni ko‘rsatdi.

Ozarbayjonning Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashod Nabiyev ham samolyot halokatiga “tashqi aralashuv” sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. AQSH ham laynerning qulashida Rossiyanig havo hujumidan mudofaa tizimlarining ta’sirini ta’kidlamoqda. Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Kreml halokatga baho berishni tergov yakunlariga qadar noto‘g‘ri deb bilishini va vaziyatga izoh bermasligini bildirdi.  

Checheniston hukumati esa Ramzan Qodirovning topshirig‘i bilan Baku-Grozniy yo‘nalishidagi AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati oqibatida vafot etgan va jabrlanganlarning oilalariga moliyaviy va boshqa yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Lekin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning ma’muriyati hech qanday yordamga muhtoj emasligini va bunday yordamni qabul qilmasligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing