Putin Afg‘onistonning “muzlatilgan” pullarini “Tolibon”ga berishni taklif qildi

Olam

image

“Tolibon” Afg‘onistondagi vaziyatni nazorat qilmoqda. Ushbu mamlakatning xorijiy banklardagi pullarini blokdan chiqarish va pullarni insonparvarlik maqsadida ishlatish uchun toliblarga imkon tariqasida berish kerak. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “VTB Kapital” investitsiya forumida ta’kidladi

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, hozir “radikal harakatga baho berishning vaqti emas”, chunki u mamlakatdagi vaziyatni nazorat qilmoqda. 

“Afg‘on xalqiga yordam berish kerak, pul mablag‘larini blokdan chiqarish kerak.  G‘arb banklaridagi, birinchi navbatda AQSHdagi afg‘on pullari blokdan chiqarilishi va odamlarga hech bo‘lmaganda elementar muammolarni hal qilish imkoniyatini berish kerak”, deydi Putin.

Rossiya rahbari Afg‘oniston hisoblarini “gumanitar muammolarni hal qilish uchun maqsadli tarzda” blokdan chiqarishni taklif qilgan. Putin mablag‘lar tibbiy asbob-uskunalar, dori-darmonlar xarid qilish va bolalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishiga ishonch bildirgan. Uning ta’kidlashicha, ushbu mablag‘lar qurol sotib olish uchun sarflanmaydi. 

Qayd etish kerakki, O‘zbekistonning ham ushbu masaladagi qarashlari Rossiyanikiga juda yaqin. Jumladan, mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev muntazam ravishda afg‘on xalqini hozirgi qiyin kunlarda yolg‘iz qoldirmaslik kerakligini ta’kidlab kelmoqda

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyida “Tolibon” harakati Afg‘onistonda hokimiyatni egallagach Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi va boshqa G‘arb tashkilotlari mamlakatni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatdi. Afg‘onistonning G‘arb davlatlardagi hisob raqamlari esa muzlatildi. Xususan, AQSH Federal zaxira tizimidagi 7 milliard dollarlik aktivlarga kirishni yopib qo‘ydi.

Ayni vaqtda Afg‘oniston gumanitar inqiroz yoqasida turibdi. Hatto, joriy yil oxirigacha ushbu davlatda 1 million bola ochlikdan o‘lishi mumkinligi prognoz qilinmoqda. Rasmiy Toshkentning Afg‘onistondagi vaziyatni e’tiborsiz qoldirmaslik borasidagi chaqiriqlari ortida Yevropa ushbu davlatga Termiz orqali gumanitar yordam ko‘rsatish rejasi bilan chiqdi. Shu o‘rinda Afg‘onistonda hokimiyat “Tolibon” harakati qo‘liga o‘tgach mamlakatdagi vaziyat og‘irlashganini eslab o‘tish kerak. 

Ma’lumot uchun, mamlakatda hokimiyatni egallagan toliblar, 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligini tuzdi. Joriy yilning 6 sentyabr kuni “Tolibon”ga bo‘ysunmay turgan yagona viloyat – Panjsher egallangach, 7 sentyabr kuni harakat rahbarlari muvaqqat hukumatni shakllantirdi

Qayd etish kerakki, toliblar Afg‘onistonda hokimiyatga kelgach, minglab afg‘onlar vatanini tark etdi va bu jarayon hali ham davom etmoqda. Toliblarni Afg‘onistonda tarafdorlari ko‘pligiga shubha yo‘q, biroq ular hokimiyatga kelgach ko‘plab qiyinchiliklarga uchramoqda. Ayniqsa, moliyaviy tomondan yo‘qotishlar katta.

Shunday bir davrdan jahon hamjamiyati Afg‘onistonni bee’tibor qoldirmoqchi emas. Bunday xatoga dunyo yetakchilari avval yo‘l qo‘ygan. Buning oqibatlari ayniqsa AQSHning esidan chiqmaydi. Afg‘oniston terrorchi guruhlar uyasiga aylanmasligi uchun jahon yetakchilari “Tolibon” bilan ishlamoqchi, hatto ushbu harakat BMT tomonidan terrorchilik tashkiloti, deb tan olingan bo‘lsa ham. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

132

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing