Putin Afg‘oniston masalasida Baydenga yordam taklif qilgan – Pentagon
Olam
−
29 Sentabr 2021
7571Rossiya Afg‘onistondagi vaziyat fonida AQSHga Markaziy Osiyodagi rus bazalaridan terrorizmga qarshi kurashda foydalanishni taklif qilgan. Bu haqda Pentagon rahbari Lloyd Ostin ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva AQSHga Amerika qo‘shinlari Afg‘onistondagi bazalarini tark etgach, terroristik tahdidlarga javob berish uchun Osiyodagi Rossiya bazalaridan foydalanishni taklif qilgan.
Ostinning aniqlik kiritishicha, yaqinda AQSH Qurolli Kuchlari shtablar rahbarlarining birlashgan qo‘mitasi rahbari general Mark Milli bu taklifni rossiyalik hamkasbi Valeriy Gerasimov bilan muhokama qilgan.
“General Milli yaqinda rossiyalik hamkasbi bilan gaplashdi. Menimcha, u taklif nima ekanligini tushuntirishni so‘ragan”, degan Pentagon rahbari.
Ostinga ko‘ra, bu masala birinchi marta Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSH Prezidenti Jo Bayden o‘rtasidagi uchrashuvda ko‘tarilgan. Ostinning ta’kidlashicha, Putin AQSHga yordam taklif qilgan.
“Putin yordam berishni taklif qilgan”, degan Pentagon rahbari.
Ostinning ta’kidlashicha, Pentagon Moskvadan hech narsa so‘ramagan va u qandaydir harakat uchun Rossiyadan ruxsat so‘rab o‘tirmaydi.
Avvalroq, AQSH Qurolli Kuchlari shtablar rahbarlarining birlashgan qo‘mitasi rahbari general Mark Milli Rossiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov bilan AQSH harbiylarining Markaziy Osiyodagi Rossiya bazalaridan foydalanish ehtimolini muhokama qilgani haqida xabar bergandik.
LiveBarchasi