Putin 71 yoshda! U tug‘ilgan kunini kim bilan qanday nishonlashi aytildi
Olam
−
07 Oktabr 2023
21768Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bugun, 7 oktyabr kuni 71 yoshni qarshi oldi. Mamlakat yetakchisi o‘z prezidentlik davrida 20-bor tavallud ayyomini nishonlamoqda.
Aynan bugun Rossiya rahbari Qozog‘iston va O‘zbekiston Prezidentlari Qosim-Jomart To‘qayev va Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Rossiya gazining Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berilishiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etadi.
Vladimir Putin bu voqeaga o‘z munosabatini bildirar ekan, “Do‘stlarimiz o‘sib borayotgan talab va iqtisodiy o‘sishini inobatga olib, oldimizga ushbu masalani qo‘yishdi. Bu borada birgalikda ishladik, texnik jihatdan bu allaqachon amalga oshirilgan”, dedi.
Putinning tug‘ilgan kuni qanday o‘tadi?
Davlat rahbarining bayrami odatda yaqinlari davrasida o‘tadi. Putin bu mavzuga ortiqcha e’tibor bermaslikka harakat qiladi. "Bu mening tug‘ilgan kunim, bu milliy bayram emas. Menimcha, bu voqeaning ahamiyatini bo‘rttirish nohaqlikdek tuyuladi", deydi u.
Shunga qaramay, Putinga odatda ertalabdan tabrik telegrammalari va qo‘ng‘iroqlari kela boshlaydi. Ba’zan kunning birinchi yarmida u o‘ndan ortiq xalqaro suhbatlar o‘tkazadi, ularda tabriklardan tashqari, dolzarb ish masalalarida ham gaplashiladi. Shu kuni Rossiya bilan iliq munosabatlarga ega bo‘lgan davlatlar rahbarlari shaxsan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuriga kelishlari mumkin.
Jonajon uyda, safarda va ishda o‘tgan ayyomlar
Vladimir Putin prezidentlik davrida (2000-2008 va 2012 yildan), shuningdek, Bosh vazir bo‘lib faoliyat yuritganida (1999 va 2008-2012 yillarda) tavallud ayyomini uyda, Moskva yoki Sankt-Peterburgda nishonlagan edi. Ammo ayrim istisnolar ham yo‘q emas: masalan, 2002 yil Putin o‘zining yarim asrlik yubileyini MDH sammiti bo‘lib o‘tgan Kishinyovda va 2013 yilda (61 yoshini) Balida o‘tgan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammitida nishonlagan edi.
U 2014 yilda prezidentlik faoliyati davomida birinchi marta tug‘ilgan kunida dam oldi. Buning uchun Taygani tanladi. Davlat rahbarining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ta’kidlaganidek, Putin eng yaqin turar-joydan 300-400 km uzoqlikda edi, shuning uchun sharoitlar u darajada yaxshi bo‘lmagan. Keyinchalik Rossiya rahbari qisqa ta’til uchun bir necha bor Sibirni tanladi.
Yana bir qiziq ma’lumot, xokkeyga qiziqib qolgan Putin 2015 yilda o‘zining 63 yoshini muz ustida nishonladi va tungi xokkey ligasining "MXL terma jamoasi" va "MXL ligasi" jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda qatnashdi.
“Oltin o‘rtalik”
Jahon miqyosidagi me’yorlarga ko‘ra, Putinning yoshi siyosatchi uchun "oltin o‘rtalik" hisoblanadi. Misol uchun, AQSH Prezidenti Jo Bayden noyabr oyida o‘zining 81 yoshini nishonlaydi. Undan ham yoshi katta davlatlar rahbarlari bor.
MDHda davlat rahbarlari nafaqat asosiy qarashlari, balki yoshi jihatidan ham yaqin yoki deyarli bir xil. Masalan, 5 oktyabr kuni tavallud kunini nishonlagan Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Putindan ikki kunlik katta. To‘qayev kelasi yilning may oyida xuddi shu yoshga to‘ladi.
Shu o‘rinda MDH davlatlari yetakchilarining yoshiga e’tibor qaratsak: O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev – 66 yoshda bo‘lsa, Ozarbayjon rahbari – Ilhom Aliyev 61 yoshni qarshilagan. Belarus yetakchisi Aleksandr Lukashenko – 69 yoshda. Davlat rahbarlari orasida yoshlari ham bor. Masalan, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov – 54, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan – 48, Turkmaniston rahbari Serdar Berdimuhamedov – 42 yoshni qarshilagan.
LiveBarchasi