Putin hayratda! U Makronning Qorabog‘ haqidagi gaplariga javob qildi

Olam

image
0:00
0:00
download

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning Rossiya Federatsiyasining Qorabog‘dagi go‘yoki buzg‘unchi roli haqidagi bayonotlarini noto‘g‘ri va qabul qilib bo‘lmas deb atadi. Bu haqda u bugun, 14 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan MDH sammitida gapirdi.

Putin, Makron, aftidan, tomonlarning pozitsiyasi haqida hech qanday ma’lumotga ega emasligini ta’kidladi.

“Shuning uchun ular (Makronning bayonoti – tahr.) noto‘g‘ri eshitildi, men hatto buzuq deb aytardim, shuning uchun [ular] qabul qilinishi mumkin emas”, deydi Putin.

U so‘zida davom etarkan, Makronning Qorabog‘ mojarosi bo‘yicha hech qanday tushunchasi yo‘qligini urg‘uladi. 

“Kecha Fransiya Prezidentining 6 oktyabr kuni Pragada bo‘lib o‘tgan uchrashuv (Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari u yerda Yevropa siyosiy hamjamiyati sammiti doirasida uchrashgan) yakunlari bo‘yicha ayrim izohlarini o‘qib, hayratda qoldim. Menimcha,  bu bayonotlarda mojaroning o‘zi haqida hech qanday tushuncha yo‘q”, deydi Putin. 

Rossiya rahbari imkon tug‘ilishi bilan bu masalani Fransiya Prezidenti bilan muhokama qilishini aytdi. 

“Rossiya har doim har qanday mojarolarni, jumladan Qorabog‘ bilan bog‘liq va uning atrofidagi muammolarni hal qilishga chin dildan intilgan”, deydi Putin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Rossiya Kavkaz mintaqasi va undan tashqarida vaziyatni beqarorlashtirish maqsadida Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi so‘nggi to‘qnashuvlarni ataylab qo‘zg‘atayotganini aytib chiqdi. 

“Oxirgi ikki yil davomida chegarada nima bo‘ldi? Chegarani go‘yoki 5000 nafar rus askari qo‘riqlayotgan bo‘lsa, ruslar ko‘p asrlik to‘qnashuvdan foydalanib, Turkiyaning sherikligi bilan Ozarbayjon foydasiga o‘ynadi va o‘zlari yaqin bo‘lgan Armanistonni zaiflashtirishga qaytdi”, deydi Makron. 

Baku va Yerevan o‘rtasidagi so‘nggi yirik keskinlik joriy yilning 13 sentyabriga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan edi. Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon Qurolli kuchlari mamlakatning aholi punktlarini o‘qqa tutganini ma’lum qildi. Bakuning qayd etishicha, bu Yerevanning provokatsiyalariga javobdir. Keyinroq Ozarbayjon o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga erishgani haqida xabar berdi.

To‘qnashuvlarda Ozarbayjon tomonidan 77 nafar, Armanistondan 105 nafar harbiy halok bo‘lgani aytildi.

Qorabog‘ urushi

1990-yillar boshida mintaqa qurolli mojaro bilan qamrab olingandi: Armaniston Ozarbayjonga qarshi agressiv harbiy harakatlarini boshladi, bu bilan Ozarbayjon hududlarini bosib olishga oid azaliy rejalarini amalga oshirishga kirishdi.  Mazkur rejaning markaziy qismi Qorabog‘ni Ozarbayjondan bir tomonlama ajratib olish va uni Armaniston tarkibiga qo‘shib olish bo‘lgan. Natijada Armaniston mazkur mintaqani, jumladan, Xo‘jali va Ozarbayjonning boshqa yettita tumanini ishg‘ol etdi. Ushbu agressiyaning oqibati sifatida urush 30 ming insonning boshiga yetdi. Bir millionga yaqin ozarbayjonliklar qochoqqa va majburiy ko‘chmanchiga aylandi, minglab odamlar dom-daraksiz yo‘qoldi.

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Emmanuel' Makron Qorabog'

Baholaganlar

131

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing