Putin Ukrainadagi urush yakuniga yetayotganini aytdi (video)
Olam
−
11:49 5056 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi mojaro yakunlanishga yaqinlashayotganini aytdi. U bu haqda joriy yilning 9 may kuni G‘alaba kuni munosabati bilan Moskvaga kelgan xorijiy liderlar bilan ikki tomonlama uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha jurnalistlar bilan muloqotda ma’lum qildi.
Putinning aytishicha, G‘arb elitalari Ukraina qo‘li bilan Rossiyaga qarshi urush olib bormoqda va aynan ular mojaroni keltirib chiqargan. Uning ta’kidlashicha, Ukraina Yevropa Ittifoqi bilan assotsiatsiya kelishuvini imzolashni rejalashtirgan paytda Rossiya manfaatlari inobatga olinmagani hamda NATOning sharqqa kengayishi mojaroga zamin yaratgan.
Rossiya Prezidenti 2022 yilda “maxsus harbiy operatsiya” boshlanganidan keyin Istanbulda Rossiya va Ukraina o‘rtasida kelishuv loyihasini esladi.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, shundan keyin Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron unga qo‘ng‘iroq qilib, “Ukraina bunday tarixiy hujjatni boshiga to‘pponcha qo‘yilgan holda imzolay olmaydi”, degan. Putin esa “nima qilish kerak?” deb so‘raganida, Makron “qo‘shinlarni Kiyevdan olib chiqish kerak” deb javob berganini aytdi.
Uning ta’kidlashicha, shundan keyin Buyuk Britaniyaning o‘sha paytdagi bosh vaziri Boris Jonson bu kelishuvni “adolatsiz” deb atab, imzolash mumkin emasligini bildirgan.
“Keyin qarshi turishni kuchaytirishdi va u hozirgacha davom etmoqda. Menimcha, masala yakuniga yetib bormoqda, ammo bu juda jiddiy masala”, degan Putin.
Rossiya Prezidentining fikricha, G‘arb Rossiyaning “qattiq mag‘lubiyati”ni kutgan, ammo bu amalga oshmagan. Shuning uchun ular boshlab qo‘ygan siyosatdan chiqib keta olmayapti.
Putin shuningdek, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Slovakiya Bosh vaziri orqali shaxsiy uchrashuv o‘tkazish taklifini yuborganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday uchrashuv Moskvada yoki uchinchi davlatda faqat uzoq muddatli tinchlik kelishuvi bo‘yicha yakuniy kelishuvlarga erishilgan taqdirdagina o‘tkazilishi mumkin.
Putin mojaroni hal qilish, avvalo, Rossiya va Ukraina ishi ekanini, biroq AQSHning hozirgi ma’muriyati vositachilik qilayotgani uchun minnatdor ekanini ham ta’kidlagan.
Live
Barchasi