Putin harbiy hamkorlikni kengaytirmoqchi
Tahlil
−
21:23 2109 8 daqiqa
“Tushunyapsizmi, qizg‘in urushda biz Ukrainani 2 kunda yengamiz. Uni yengish nima bo‘libdi, axir u Ukraina-ku”, degan edi Margarita Simonyan 2021 yil aprel oyida.
Urushdan oldin nafaqat Rossiyada, balki butun dunyoda ham shu kabi fikrlar keng tarqalgan edi. Axir yer sharining eng qudratli ikkinchi armiyasi hisoblangan Rossiya Qurolli kuchlaridan kutuvlar katta bo‘lgan.
Biroq oradan 4 yildan oshiqroq vaqt o‘tdi. Barchamiz guvoh bo‘lganimizdek, Rossiya unchalik ham qudratli emas, Ukraina ham kutilganidek zaif emas ekan. NATOning harbiy yordami, Yevropaning qo‘llovi degan bahonalarni bir chetga surib qo‘yib, tan olish kerak, shuncha vaqtdan beri bo‘yin egmay kelayotgan ukrain xalqiga qoyil qolmay ilojimiz yo‘q.
Rossiya esa, tinimsiz harbiy xarajatlarni oshirmoqda, arsenal tinimsiz kamaymoqda, harbiylar yetishmayapti, qisqa qilib aytganda urush Moskvani tobora qattiq “bo‘g‘moqda”. Shunday vaziyatda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hukumatga O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan harbiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomalarni o‘zgartirish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga buyruq berdi. 10 yildan oshiqroq vaqt davomida biror bir tuzatish kiritilmagan bu bitimlarning aynan hozir isloh qilinishi, odamlarda nahotki sobiq “katta og‘a”ga O‘zbekiston yoki Qozog‘istonning yordami kerak bo‘lib qoldi degan farazlarni paydo qilyapti. Xo‘sh, Moskvaning ilinji nima? Putin hokimiyati Markaziy Osiyodan yana nima kutmoqda? Bugun shu kabi savollarga javob topishga urinib ko‘ramiz.
Eski bitimlar
27 iyul kuni Prezident Vladimir Putin hukumatning Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan amaldagi harbiy-texnik hamkorlik shartnomalariga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish taklifini qabul qiluvchi ikkita farmonni imzoladi. Hujjatlar huquqiy axborot rasmiy portalida e’lon qilindi.
Moskva bugun O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan amaldagi bitimlarni qayta ko‘rib chiqishga kirishayotgan bo‘lsa, buning huquqiy poydevori bundan qariyb 10 yil avval yaratilgan edi.
Birinchi muhim hujjat 2013 yil 24 dekabr kuni Moskvada Rossiya va Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasida harbiy-texnik hamkorlik to‘g‘risida imzolandi. Bitim ikki davlat o‘rtasidagi qurol-yarog‘ savdosi bilan cheklanmay, ancha keng ko‘lamli hamkorlikni nazarda tutgan. Unga ko‘ra, tomonlar harbiy mahsulotlar, qurol-aslaha va maxsus texnikalarni o‘zaro yetkazib berish, ularni ta’mirlash va modernizatsiya qilish, yangi qurol tizimlarini birgalikda ishlab chiqish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish hamda harbiy mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlik qilishi belgilangandi. Bundan tashqari, bitim harbiy ko‘rgazmalar, texnik taqdimotlar, ekspertlar uchrashuvlari va tajriba almashinuvini ham o‘z ichiga olgan.
O‘zaro kelishuv imzolangach, rus qurol-aslahalari Qozog‘istonga oldingidan ham ko‘proq kirib kela boshladi. Keyingi yillarda Qozog‘iston Rossiyaning eng yirik harbiy texnika xaridorlaridan biriga aylandi. Mamlakat Rossiyada ishlab chiqarilgan ko‘p maqsadli Su-30SM qiruvchi samolyotlarini bosqichma-bosqich qabul qilib oldi va ular Qozog‘iston Harbiy-havo kuchlarining asosiy jangovar platformalaridan biriga aylandi. Bundan tashqari, Rossiya ishlab chiqargan Il-76MD-90A harbiy transport samolyotlarini xarid qilish ham aynan ushbu hamkorlik doirasida amalga oshirildi. Natijada 2013 yilda imzolangan bitim ikki davlat o‘rtasidagi harbiy aloqalarni strategik darajaga olib chiqdi va Qozog‘iston harbiy sohada Moskvaga tobora qattiqroq bog‘lanib qoldi.
O‘zbekiston bilan shunga o‘xshash bitim esa ancha kechroq, 2016 yil 29 noyabr kuni imzolandi. Hujjat mazmunan Qozog‘iston bilan tuzilgan kelishuvga juda yaqin bo‘lib, qurol-yarog‘ va harbiy mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berish, harbiy texnikani ta’mirlash va modernizatsiya qilish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlari, ishlab chiqarish kooperatsiyasi, intellektual mulk va texnologiyalar almashinuvi, harbiy mutaxassislarni tayyorlash hamda qo‘shma ishchi guruhlar faoliyatini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutgan. Shuningdek, hujjatda maxfiy ma’lumotlarni himoya qilish, uchinchi davlatlarga texnologiyalarni uzatishni cheklash va hamkorlikni muvofiqlashtiruvchi mexanizmlar ham alohida belgilab qo‘yilgan.
Bitimdan keyingi yillarda hamkorlik amaliy natijalar bera boshladi. 2017–2019 yillar davomida O‘zbekiston Rossiyaning davlat eksport krediti hisobidan 12 ta Mi-35M jangovar transport vertolyotini xarid qildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlari tarkibidagi qariyb 30 ta MiG-29 qiruvchi samolyoti modernizatsiya qilindi. Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi muzokaralarda Su-30SM qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish, “Sopka-2” radiolokatsion majmuasi hamda “Pechora-2M” zenit-raketa komplekslarini xarid qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Bu esa hamkorlik faqat mavjud texnikalarni ta’mirlash bilan cheklanmay, O‘zbekiston havo mudofaasi va aviatsiya salohiyatini yangi avlod texnikalari bilan mustahkamlashga qaratilganini ko‘rsatadi.
Bugun Moskva aynan shu ikki bitimni qayta ko‘rib chiqishni taklif qilmoqda. Rossiya rasmiylariga ko‘ra, amaldagi kelishuvlar qurol-yarog‘ yetkazib berish, modernizatsiya, ilmiy ishlanmalar, qo‘shma ishlab chiqarish va kadrlar tayyorlashning umumiy tamoyillarini belgilab bergan. Biroq so‘nggi 10 yil ichida harbiy texnologiyalar, geosiyosiy vaziyat va mintaqadagi xavfsizlik muhitining sezilarli o‘zgarishi Kremlni ushbu huquqiy bazani yangilash zarur degan xulosaga olib kelgan.
Yangi bitimdan nimalar kutilmoqda?
Urush jilovini yo‘qotib qo‘ygan Putin endi Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston va Qozog‘iston yordamiga umid qilayotgan bo‘lsa ajab emas. Aynan yangi qonun asosida boshlanuvchi muzokaralar ham mamlakatlar o‘rtasida harbiy integratsiyani chuqurlashtirishga yo‘nalgan bo‘lishining ehtimoli yuqori.
Bugun har ikki Markaziy Osiyo davlati ham o‘zining harbiy sanoatiga ega. Ayniqsa, bu borada O‘zbekiston ancha ildamlab ketgan. Ukraina va Eronning arzon, ammo samarali jang uslubining so‘nggi yillardagi muvaffaqiyatidan kelib chiqsak, bugun yildan yilga mamlakatda rivojlanib borayotgan dron sanoati ham nihoyatda katta ahamiyatga ega. 2022 yildan Davlat mudofaa sanoati qo‘mitasi qoshidagi Ilmiy-ishlab chiqarish markazi tomonidan ishlab chiqilayotgan “Lochin” dronlari yoki Sahro Drone Industry kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladigan mini-dronlar, FPV va razvedka dronlari nafaqat mudofaa sanoatida, balki xalqaro maydonda ham asta-sekin ishonch qozonmoqda.
Bundan tashqari, qator zirhli harbiy transport vositalari ham bugun O‘zbekiston mutaxassislari tomonidan ishlab chiqarilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 iyul kuni Nurafshon maxsus texnika zavodiga tashrif buyurdi va KRANTAS brendi ostida chiqarilayotgan 155 mm “To’fon” o‘ziyurar artilleriya qurollari hamda modernizatsiya qilingan T-64 tanki kabi zamonaviy texnik qurilmalar bilan tanishdi. Bunday texnikalar chet el brendi litsenziyasi yoki xorijdan sotib olingan loyiha asosida ishlab chiqarilmayapti, to‘liq noldan o‘zbek muhandislari tomonidan yaratilmoqda. Bu esa O‘zbekistonning harbiy sohada tobora mustaqillashishga intilayotganini ko‘rsatmoqda.
Qozog‘istonda esa vaziyat biroz boshqacha. SSSR parchalanganda Qozog‘iston 196 ta mudofaa korxonasini meros qilib oldi. U yerda torpedalar, dengiz bazasidagi raketalar, radioelektron uskunalar, yo‘naltirish tizimlari, tank qurol-yarog‘i, qo‘l qurollari, raketa tizimlari, raketaga qarshi mudofaa tizimi komponentlari hamda havo hujumidan mudofaa (HHM) vositalari ishlab chiqarilgan. SSSRning barcha artilleriya tizimlarining 11 foizi, barcha piyoda jangovar mashinalarining 18 foizi shu yerda chiqarilar edi. Ammo SSSR parchalangandan so‘ng, bu sanoat ham asta-sekin zavolga yuz tutdi.
Ammo Nazarboyev hukumati bu sanoatni tiklashga qaror qildi. 2003 yilda davlat qolgan 16 ta korxonani yagona “Qozog‘iston injiniring” (Kazakhstan Engineering) milliy kompaniyasi tarkibiga birlashtirdi. 2000 yillar o‘rtalaridan boshlab sanoatni jiddiy tiklash ishlari boshlandi. Ularda bronetexnika, harbiy kemalar, vertolyotlar, o‘q-dorilar, artilleriya, portlovchi moddalar va kichik qurollar ishlab chiqarila boshladi. Ammo muhim jihati shundaki, Qozog‘istondagi zavodlar asosan yig‘ish bilan shug‘ullanar, texnologik ishlanmalar esa hanuz Rossiyadan kelardi. Bu esa mamlakatni hanuz Moskvaga bog‘lab qo‘yayotgan edi.
Biroq 2022 yildan so‘ng Rossiya mudofaa sanoatiga sanksiyalar qo‘yilishi ortidan Ostona ham harbiy ta’minotni diversifikatsiya qilishga kirishdi. Turkiya bilan hamkorlikda zirhli mashinalar va dronlar, Isroil hamda Fransiya bilan kelishuv asosida radarlar, shuningdek, optik qurilmalar ishlab chiqarishni boshladi. Rossiya ta’siridan qochish ilinjida NATO standartlarini qabul qilib, ASPAN loyihasini ishga tushirdi. ASPAN-1 zavodi 2027 yildan artilleriya snaryadlari va minalar ishlab chiqarishni boshlashi kutilmoqda.
Qisqa qilib aytganda, har ikki mamlakat o‘z harbiy sanoatini yaxshigina rivojlantirib oldi. Har ikki davlatda ham tobora rus texnikalariga ehtiyoj kamayib bormoqda. Bu esa, shubhasiz, Putin ma’muriyatini xavotirga solib kelmoqda.
Rossiya bu qarorni Ukrainaning jiddiy bosimlaridan so‘ng qabul qilayotgani odamlarda “endi pozitsiyalar o‘zgarishi mumkin, O‘zbekiston va Qozog‘iston Rossiyaga qurol sotishi mumkin”, degan fikrlarni paydo qilishi mumkin. Ammo ishonch bilan aytish mumkinki, ikki davlatning ayni paytdagi qonunchiligi bunga yo‘l qo‘ymaydi.
Avvalo, masalaning huquqiy tomoniga e’tibor qaratish kerak. Garchi Qozog‘iston O‘zbekistondan farqli o‘laroq, Rossiya boshchiligidagi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga a’zo mamlakat hisoblansa-da, mamlakat 2022 yildan buyon harbiy mahsulotlar eksportiga qat’iy cheklovlar qo‘llab kelmoqda. Mamlakat hukumati qurol-yarog‘, harbiy texnika va ularga tegishli mahsulotlarni eksport qilishni taqiqlagan. Bu taqiq ma’lum bir davlatga emas, balki barcha tashqi yo‘nalishlarga tatbiq etiladi. Shu sababli, Qozog‘istonning Rossiyaga rasmiy ravishda qurol yetkazib berishi nafaqat siyosiy, balki mamlakatning o‘z qonunchiligiga ham zid hisoblanadi.
O‘zbekistonning pozitsiyasi ham bundan keskin farq qilmaydi. Toshkent Rossiya – Ukraina urushi boshlanganidan buyon “faol betaraflik” siyosatini saqlab kelmoqda. Rasmiy bayonotlarda Ukraina hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash, mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal etish va urush tomonlaridan birini harbiy jihatdan qo‘llamaslik tamoyili bir necha bor takrorlangan. Shu nuqtai nazardan qaralganda, Rossiyaga ochiq tarzda qurol yoki harbiy texnika yetkazib berish O‘zbekistonning hozirgi tashqi siyosiy yo‘liga ham, uning G‘arb davlatlari bilan iqtisodiy va diplomatik aloqalariga ham jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Shunday ekan, Putinning yangi tashabbusi avtomatik ravishda O‘zbekiston va Qozog‘iston Rossiyaning harbiy ta’minotchisiga aylanadi degan ma’noni anglatmaydi. Albatta, yangi shartnomada Moskva nimalarni taklif qilishini aniq aytish qiyin. Ammo jiddiy o‘zgarishlarga bugun xalqaro maydonda tobora ovozi baland chiqayotgan Markaziy Osiyoning ikki yetakchi davlati yo‘l qo‘ymasa kerak. Har holda, Putin hozirgi vaziyatda tahdid qilolmasligi aniq. Mutaxassislarning fikricha, bu o‘zgarishlardan maqsad – mintaqada Rossiya harbiy sanoatining ta’sirini saqlab qolishga urinish va urush vaqtida O‘zbekiston hamda Qozog‘iston bilan qo‘shma loyihalar ustida ishlash bo‘lishi mumkin. Biroq qo‘shma loyiha g‘oyasining o‘zi ham ikki mamlakatning ko‘p vektorli siyosatiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Qisqacha xulosa qiladigan bo‘lsak, Putin ham o‘z vaziyatini to‘g‘ri baholab, haddi sig‘adiganini so‘raydi. O‘zbekiston ham, Qozog‘iston ham o‘z manfaatlaridan kelib chiqib yo shartlarni qabul qiladi, yoki yo‘q.
Live
Barchasi