PSJ transfer oynasini rekord narxdagi xarid bilan yakunladi
Sport
−
02 Sentabr 2023 10943 1 daqiqa
Fransiyaning PSJ klubi “Ayntraxt” futbolchisi Randal Kolo Muani bilan shartnoma imzoladi. Bu haqda Parij klubi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Fransiya terma jamoasi a’zosi bo‘lgan 24 yoshli futbolchi PSJ bilan 2028 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan 5 yillik shartnoma imzolagan. Forvard Parij klubida 23-raqamda maydonga tushadi.
OAVga ko‘ra, bitim summasi taxminan 75 million yevroni tashkil qilib, unga Kolo Muanining bonuslari ham qo‘shib hisoblanadi. Biroq Frankfurt klubi ushbu transfer o‘z tarixidagi rekord summa – 95 million yevro ekanini aytmoqda.
Ma’lumot uchun, “Transfermarkt” portali futbolchining taxminiy narxini 80 million yevro deb baholagan. Randal Kolo Muani o‘tgan 2022/2023 yilgi mavsumda Germaniya klubi nomidan 46 ta o‘yinda maydonga tushib, 23 ta gol va 17 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
Yozgi transfer oynasida PSJ tarkibiga himoyachilar Milan Shkrinyar va Lukas Ernandes, yarim himoyachilar Marko Asensio va Manuyel Ugarte hamda hujumchilar Usmon Dembele, Gonsalu Ramush va Bredli Barkola qo‘shildi.