Propiska islohoti: Kimlar uchun nimalar o‘zgardi?
Jamiyat
−
18 may 2020
19263Joriy yilning 14 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar
— O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga imzo chekdi.
Qonun qabul qilinganidan keyin o‘z o‘zidan fuqarolarda propiska tizimiga oid ko‘plab savollar tug‘ildi. QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova propiska qilish bo‘yicha savollarga javob olish uchun Toshkent shahar IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Mo‘minov Farrux bilan suhbatlashdi.
– Qonunga qanday o‘zgarishlar kiritildi va bu o‘zgarishlar qachondan kuchga kiradi?
– Avvalambor ushbu qonun bilan amalda bo‘lgan ruxsat berish tushunchasiga ega bo‘lgan “doimiy propiska” atamasi “doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish” so‘zlariga o‘zgartirildi. Keyingi o‘zgartirish Toshkentda fuqarolar birinchi va ikkinchi darajali qarindoshlarini o‘zlarining doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatda bo‘lgan manzili bilan bir qatorda endilikda o‘zlarining egaligidagi xususiy mulkidagi uy-joyga ham propiska qilishi mumkin bo‘ldi. Ilgari amalda bo‘lgan qonunda Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatda bo‘lgan fuqaro o‘zining qarindoshini faqat propiskada turgan manzilga doimiy ro‘yxatga qo‘yish huquqiga ega edi.
– Deylik, bir fuqaro Buxoro viloyatida doimiy propiskada turadi. Lekin Toshkent shahrida nomida uy bor. Uning o‘zi yoki birinchi, ikkinchi darajali qarindoshini Toshkentda propiskadan o‘tkazish jarayoni qanday kechadi?
– Yangi qonun bilan endilikda Buxoro viloyatida doimiy ro‘yxatda turgan fuqaro o‘zining birinchi va ikkinchi darajadagi yaqin qarindoshini Toshkent shahridagi nomidagi uyiga doimiy ro‘yxatga qo‘yish huquqiga ega bo‘ldi. Fuqaro o‘zi Buxoroda doimiy ro‘yxatdan o‘chib turib, Toshkentdagi uyiga doimiy ro‘yxatdan o‘tib, keyin qarindoshini ro‘yxatga qo‘yishi amaliyoti bekor bo‘ldi. Endilikda u Buxoroda doimiy ro‘yxatdan o‘chmasdan qarindoshini Toshkent shahridagi o‘zining mulki bo‘lgan uyga propiskaga qo‘yishi mumkin. Shu bilan birga ro‘yxatning 5-bandi asosida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish uchun er-xotin nikohdan keyin 1 yil birga yashashi kerakligi va bir yil ichida nikohi bekor qilingan taqdirda doimiy ro‘yxati bekor bo‘lishi to‘g‘risidagi qoidalar ham olib tashlanib, fuqarolar o‘zaro qonuniy nikohdan o‘tgan kundan boshlab, o‘zlarining doimiy ro‘yxatda turuvchi manzil bo‘yicha turmush o‘rtoqlarini propiskadan o‘tkazish huquqiga egalar. Qonuniy nikohdan so‘ng 1 yil kutishga zarurat yo‘q. Nikoh bekor qilinganda ham propiska saqlanib qoladi.
O‘zgarishlardan yana biri tegishli, lavozimlarga saylangan, tayinlangan va tasdiqlangan fuqarolarga ham respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlariga ishga taklif etilayotgan yuqori malakali mutaxassislar uchun lavozimni egallab turish davrida beriladigan doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish huquqi cheklovi bekor qilindi. Mazkur qonun bilan doimiy ro‘yxatni ishdan ketish munosabati bilan bekor qilish amaliyotidan to‘liq voz kechildi. Demak, ishlayotgan odam doimiy ro‘yxatdan o‘tganidan keyin, agar ma’lum sabablar bilan ishdan chetlatilsa yoki boshqa xizmat vazifalariga o‘tkazilsa, uning doimiy ro‘yxati saqlab qolinadi, bekor qilinmaydi.
Ko‘pchilik fuqarolar tomonidan katta mamnuniyat bilan qarshi olingan asosiy o‘zgarishlardan yana biri, qonunga 11-1-bandining kiritilishi bo‘ldi. Bu nima degani? Endilikda davlat idoralarida uzluksiz 5 yil mehnat faoliyatiga ega bo‘lgan mutaxassislar hech qanday to‘siqlarsiz Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘zlariga istagan manzil bo‘yicha doimiy ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Aytaylik, Toshkent shahrida bir maktab o‘qituvchisining faoliyati 5, 6, 7 yil yoki undan oshiq. Uni doimiy ro‘yxatga qo‘yishda ilgari turli to‘siqlar bo‘lgan. Endi bu to‘siqlar olib tashlandi. Ishxonasidan 5 yildan beri mehnat qilayotgani haqida berilgan ma’lumotnoma asosida o‘zi xohlagan manzil bo‘yicha doimiy ro‘yxatdan o‘tish huquqiga ega bo‘ldi.
– Besh yil davomida dars bergan o‘qituvchi doimiy ro‘yxatdan o‘tish uchun qayerga murojaat qilishi va qanday hujjatlar taqdim etishi talab etiladi?
Mazkur qonunning 11-1-bandiga mos keluvchi davlat idoralarida xizmat olib boruvchi mutaxassis eng avvalo o‘zi tanlagan, doimiy ro‘yxatdan o‘tmoqchi bo‘lgan hududidagi tuman migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasiga uy egasining arizasi, fuqarolik pasportlari, ish joyidan oxirgi 5 yil davomida uzluksiz ishlayotgani haqida ma’lumotnoma va turar-joy kadastrini taqdim etib, ro‘yxatga qo‘yish huquqiga ega bo‘ladi.
– Fuqarolar fikrlari qanday o‘rganildi? So‘rovnoma o‘tkazildimi yoki sizlarga kelayotgan murojaatlarga asosan o‘zgartirish kiritildimi?
– O‘rganishlar davomida jamoatchilik tomonidan qo‘shimcha qanday o‘zgartirishlar kiritilishi mumkinligi to‘g‘risida fikrlar bildirildi. Usha fikrlar jamlangan holda kuni kecha imzolangan qonun loyihasi qabul qilindi. Keng jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda.
– Loyihani tayyorlashda qaysi rivojlangan davlatlar tajribasi o‘rganildi?
– Ushbu qonun loyihasini ishlab chiqishda ko‘pgina davlatlar tajribasi o‘rganildi. Masalan, Belarus, Gruziya, Janubiy Koreya, Indoneziya, Latviya, Malayziya, Meksika, Ozarbayjon, Rossiya, Fransiya, Yaponiya davlatlarining propiska tizimiga oid tajribalari o‘rganib chiqildi. Ushbu davlatlarda shaxs haqidagi ma’lumotlarning idoralararo elektron shaklda integratsiyalashuvi yo‘lga qo‘yilganligi yuqoridagi kabi jarayonlarning dolzarb hisoblanmasligini ko‘rsatdi. Ya’ni ular aholining migratsiya jarayonlarini elektron axborot almashinuvi orqali nazorat qilib borishadi. Bizda ham ushbu jarayonni sentyabrdan boshlab integratsiyalashuv va boshqalarni hisobga olgan holda aholiga qulaylik yaratish, ularni manfaatlaridan kelib chiqqan holda tatbiq etish nazarda tutilmoqda.
– Bilamizki, yangi qurilayotgan uylarni sotib olsa, doimiy ro‘yxatdan o‘tish mumkin. Ammo u uylarni sotib olishga hammaning ham qurbi yetmaydi. O‘zgartirishlardan so‘ng, bu borada qanday yangiliklar bo‘ldi?
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5489-sonli farmoni bilan 2020 yil 1 apreldan boshlab, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatga ega bo‘lmagan fuqarolarga ushbu hududlarda o‘zlari xohlagan, ya’ni faqat “novostroyka” emas, balki ikkilamchi bozordan xohlagan uy-joylarini xarid qilib, shu uylariga to‘siqlarsiz ro‘yxatdan o‘tishi va o‘zlarining yaqin qarindoshlarini ham doimiy ro‘yxatga qo‘yish imkoniyati paydo bo‘ldi.
– Doimiy ro‘yxatdan o‘tish uchun biror fuqaro murojaat qilsa, ro‘yxatdan o‘tkazish necha kunda amalga oshiriladi?
– 2020 yil 1 sentyabrdan bir qator yengilliklarni amaliyotga joriy qilish nazarda tutilgan. Qisqacha aytganda, hozirgi kunda fuqaroning doimiy yoki vaqtincha yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatsiz yashashi 10 kun bo‘lsa, 15 kunga uzaytirildi. Endi 15 kun davomida fuqaro vaqtincha yoki doimiy yashash joyi bo‘yicha yashasa jarima yoki ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi. Shu bilan birga belgilangan muddatda 1 sentyabrdan doimiy ro‘yxatga qo‘yish ishlari 3 kundan 1 kunga qisqartirildi. O‘sha kunning o‘zida amalga oshiriladi.
– Murojaat qiluvchilar juda ko‘p. Bu qanday amalga oshiriladi?
– Albatta, murojaat qiluvchilar ko‘p. Biz 1 sentyabrgacha propiskaga qo‘yish tizimini soddalashtirish mexanizmini ishlab chiqyapmiz. Fuqarolarni kuttirib qo‘ymaslik, ovora bo‘lib, qaytib kelmaslik maqsadida murojaat tushgan zahoti, ya’ni bir kunda ro‘yxatga qo‘yish mexanizmini joriy qilamiz. Shu bilan birga 1 sentyabrdan fuqarolarni doimiy ro‘yxatga qo‘yish oldingi ro‘yxatda turgan joyidan ro‘yxatdan chiqarmasdan amalga oshiriladi. Bu nima degani? Hozirgi kunda propiskasi Namangan yoki Buxoroda bo‘lgan bir fuqaro Toshkent shahriga ro‘yxatga o‘tmoqchi. U yo‘lkira, vaqt sarflab viloyatga borib, ro‘yxatdan o‘chib, keyin Toshkentga qaytib, ro‘yxatdan o‘tishi kerak. 1 sentyabrgacha yangi tizim tayyorlayapmiz. Endi fuqarolar oldingi yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘chmasdan turib, ro‘yxatga o‘tayotgan joyining o‘zida avtomatik tarzda oldingi ro‘yxatlari bekor bo‘ladi. Bu juda katta qulaylik.
Yana bir yangilik, pasportga “Doimiy ro‘yxat” degan to‘rtburchak shakldagi shtampimiz bor edi, u yerga manzil ham yozilardi, o‘sha shtampni pasportga bosish amaliyotidan to‘liq voz kechiladi. Bularning bari idoralararo elektron tizim orqali markazlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.
– Voyaga yetmagan bolalarning ro‘yxatda turish masalasi nima bo‘ladi?
O‘zbekiston sharoitida ilk marotaba fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida ushbu farmon bilan 1 sentyabrdan boshlab, voyaga yetmagan bolalarni doimiy ro‘yxatga qo‘yish, ularga fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organlari (FHDYO) tomonidan tug‘ilganlik haqida guvohnoma berish jarayonida ota yoki onasining doimiy ro‘yxati manzili bo‘yicha avtomatik tarzda ro‘yxatga kiritib qo‘yiladi.
LiveBarchasi