Prokurorlarning ayrim vakolatlari sudlarga o‘tkaziladi
Jamiyat
−
01 mart 2023
7990Prokurorlarning jinoyatlarni tergov qilish jarayonida ayrim vakolatlari sudlarga o‘tkaziladi. Bu haqda Prezident farmoni bilan tasdiqlangan dasturda keltirilgan.
Qayd etilishicha, jinoyatlarni tergov qilish jarayonida “Xabeas korpus” institutini qo‘llash amaliyotini yanada kengaytirish maqsadida tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvlarini eshitib turish va mulkni xatlashga sanksiya berish vakolati prokurorlardan sudlarga o‘tkaziladi.
Shuningdek, jinoyat ishini sudlarga ayblov xulosasi (ayblov dalolatnomasi) va himoyachi fikri bilan birga taqdim etish tartibi joriy etiladi.
Bundan tashqari, dasturga ko‘ra, advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyani olish uchun yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lish talabi bekor qilinadi.
Adolat va qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash borasida yuqoridagi tartiblarni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.