O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasi: “Yengib bo‘lmas muammolar bartaraf etildi”
Jamiyat
−
09 fevral 2020
10780O‘zbekiston Respublikasining Pekindagi Elchixonasi Xitoy Xalq Respublikasida tahsil olayotgan vatandoshlarga murojaat bilan chiqdi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy e’tibori va mamlakatimiz Hukumatining qo‘llab-quvvatlashi, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi va Elchixonamizning O‘zbekiston va Xitoydagi tegishli vazirlik hamda idoralar bilan birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasida 600 nafar hamyurtimizni vatanga olib kelish bo‘yicha juda aniq va har tomonlama puxta ishlar amalga oshirildi. Xitoyning o‘nlab shahar va provinsiyalaridan Uxan va Pekin shaharlariga barcha talaba yoshlarimiz safarbar qilindi.
O‘zbekiston nafaqat Uxandan, balki Xitoyning qator chekka mintaqalaridan o‘z fuqarolari evakuatsiyasini tashkil qilgan kam sonli davlatlardan biri bo‘ldi. O‘zbekiston fuqarolari Xubey provinsiyasining alohida karantin tartibi joriy etilgan boshqa shaharlaridan (Xuanshi, Szyannan, Ichan, Lichuan, Szinmen) ham evakuatsiya qilindi.
O‘zbekiston fuqarolarini Uxan shahridan olib chiqib ketish maqsadida Elchixona Xubey provinsiyasi hamda mahalliy oliy o‘quv yurtlari ma’muriyatlari bilan birgalikda ushbu provinsiyaning Uxan va yana beshta boshqa shahridagi 14 ta universitetda tahsil olayotgan salkam 80 nafar talabani evakuatsiya qilish bo‘yicha bir necha bosqichli reja ishlab chiqdi. Unga muvofiq fuqarolarimizning shaxsini va boshqa ma’lumotlarni aniqlashdan tortib, ularning ro‘yxatini tuzish va mahalliy transport kompaniyasini jalb qilgan holda talabalarni Uxan shahri aeroportiga olib kelishgacha bo‘lgan kompleks tadbirlar amalga oshirildi”, deyiladi murojaatda.
Ta’kidlanishicha, 15 yanvarda Elchixonada tezkor shtab tuzilgan va diplomatik missiyaning barcha xodimlari Xitoyning turli burchaklaridagi 2000 nafardan ortiq o‘zbekistonlik talaba bilan muloqotga chiqib, ularning har biri bilan yakka tartibda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishga faol kirishgan.
“Ob’ektiv sabablarga ko‘ra, bunday nostandart sharoitlarda mazkur vazifalarni hech bir muammolarsiz hal qilish mumkin emasligi ham tabiiy holatdir. Ammo yengib bo‘lmas to‘siq bo‘lib ko‘ringan muammolar ham bartaraf etildi.
Eng asosiysi, umumiy sa’y-harakatlarimiz natijasida yuzlab talabalar mamlakatimizga salomat qaytishdi. Bu esa kelgusida ular o‘z o‘qishlarini davom ettirish maqsadida yana Xitoyga qaytishlarining muhim kafolati hisoblanadi. Ular bu yerda Vatanimizning yanada taraqqiy etishi uchun zarur bo‘lgan zamonaviy bilimlarni o‘qib-o‘rganib, yosh istiqbolli mutaxassislar sifatida O‘zbekistonga qaytishadi.
Fursatdan foydalanib, avvalo, Xitoy oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarga va ularning yaqinlariga ushbu murakkab damlarda qat’iyat va sabr-toqat, yuksak madaniyat va o‘zaro hamfikrlilik tuyg‘ularini namoyon etganliklari uchun samimiy minnatdorlik izhor etamiz. Ko‘plab vatandoshlarimizning ayni fazilatlari juda qisqa muddatlarda oldimizga qo‘yilgan vazifalarni muvaffaqiyatli bajarish uchun muhim zamin yaratdi”, deyiladi murojaatda.
LiveBarchasi