Xalqqa qishda tezak yoqishni maslahat bergan hokim ishdan ketdi

Jamiyat

image

Bugun, 30 dekabr kuni Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelgan Anvar Normamatov lavozimidan ozod etildi va uning o‘rniga Farrux Holiqov tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Xalq deputatlari Qumqo‘rg‘on tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgan. Unda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etgan. Sessiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqilgan. Shu kungacha Qumqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelgan Anvar Normamatov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilgan.

Viloyat hokimi tomonidan tuman hokimi lavozimiga Farrux Omonovich Holiqov nomzodi taklif etilgan. Mazkur nomzod Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari tomonidan ma’qullangan. Farrux Holiqov Milliy kadrlar zaxirasidan tavsiya etilgan.

Ma’lumot uchun, Farrux Holiqov 1985 yilda Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tug‘ilgan. U 2009 yilda Toshkent davlat yuridik institutini, 2016 yilda Bosh prokuratura oliy o‘quv kursini huquqshunoslik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Mehnat faoliyati davomida prokuratura organlarida turli lavozimlarda, jumladan, Uzun va Sho‘rchi tumanlari prokurori sifatida ishlagan. Tayinlovga qadar Denov tumani prokurori lavozimida faoliyat yuritib kelgan.

Qayd etish joiz, joriy yilning 12 sentyabr kuni xalq deputatlari Qumqo‘rg‘on tumani kengashining 10-sessiyasida Anvar Normamatov gazning “tagi yo‘qligi” uchun tezak yoqish kerakligini aytgandi. Shuningdek, u qish kelgancha, simyog‘och va transformatorlarni ta’mirlash kerakligini va eng asosiy muammo elektr energiyasi bilan bog‘liq ekanini aytgan. Bundan tashqari, “Qumqo‘rg‘on tuman gaz” filiali boshlig‘i I.Mustafoqulov hisobot o‘qigan. Tuman hokimi esa gaz bilan bog‘liq muammolarga to‘xtalgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shuhrat Nazarov Surxondaryo viloyatining Termiz tumani hokimi lavozimidan ozod etilgandi va uning o‘rniga Shuhrat Qalandarov tayinlangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Surxondaryo Qumqo'rg'on Farrux Holiqov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing