Qumqo‘rg‘on hokimi gaz yo‘qligi uchun tezak yoqish kerakligini aytdi (video)

Jamiyat

image

Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumani hokimi Anvar Normamatov gazning “tagi yo‘qligi” uchun tezak yoqish kerakligini aytdi. Bu haqda u joriy yilning 12 sentyabr kuni xalq deputatlari Qumqo‘rg‘on tumani kengashining 10-sessiyasida gapirdi.

“Olimlar, mutaxassislar tomonidan bu yil qish sovuq keladi degan prognoz qilinyapti. Shuning uchun, biz ham shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Qor-yomg‘ir yoqqan kunlari xalq qiynalmasligi kerak”, deydi hokim.

Shuningdek, u qish kelgancha, simyog‘och va transformatorlarni ta’mirlash kerakligini va eng asosiy muammo elektr energiyasi bilan bog‘liq ekanini aytgan. Bundan tashqari, “Qumqo‘rg‘on tuman gaz” filiali boshlig‘i I.Mustafoqulov hisobot o‘qigan. Tuman hokimi esa gaz bilan bog‘liq muammolarga to‘xtalgan.

“Hech kim tezak qilmaydi. Tezak qilib, uylarda chalmalarni bosib qo‘yib, qishda qor yog‘dimi, ikkita taylab qo‘ysang o‘tirganing-ku. Nimaga endi biz faqat gaz-gaz deb qoldik. Tushunganlaring uchun aytyapman-da, buning tagi bo‘lsa qani, tagi yo‘q-da”, deydi hokim.

Ma’lumot uchun, Anvar Normamatov Qumqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimiga 2022 yilning iyun oyida tayinlangandi. U 1981 yil 10 martda Angor tumanida tug‘ilgan. 2003 yil O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasini tugatgan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi huquqshunos.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida ko‘mir omboriga to‘plangan fuqarolardan ayrimlari belgilangan grafikka rioya qilmay ko‘mir olishga urinishi oqibtida tartibsizlik kelib chiqqan edi.


Maqola muallifi

Teglar

gaz Qumqo'rg'on tezak Anvar Normamatov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing