Prokuraturani hamon fuqarolar manfaatini himoya qiluvchi oqlovchi organ, deb bo‘lmaydi – Kusherboyev
Jamiyat
−
13 iyul 2022
7998Tergov organini alohida qilish vaqti keldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining “tirik” deputati Rasul Kusherboyev ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozib qoldirdi.
Uning qayd etishicha, O‘zbekistonda tergov organini alohidalash va mustaqil qilish bo‘yicha ko‘p yillardan beri takliflar bildiriladi, biroq shu kunga qadar uni amalga oshirishning fundamental asosi yaratilmagan. Qolaversa, idoraviy manfaat yuzasidan bunga qarshilar ham ko‘p.
Kusherboyevga ko‘ra, O‘zbekistonda prokuraturani hamon fuqarolar manfaatini himoya qiluvchi oqlovchi organ, deb bo‘lmaydi.
“Afsuski, prokuraturada bir vaqtning o‘zida tergov funksiyasi ham mavjudligi sababli prokuratura hamon fuqarolar manfaatini himoya qiluvchi oqlovchi organ, deb bo‘lmaydi. Idora nufuzi va manfaati, “pogon hurmati” kabi inson omili bilan bog‘liq “qarichlar” uning oqlovchi sifatida odil sudlovni amalga oshirishiga halaqit beradi”, deydi Kusherboyev.
Deputat ushbu yo‘nalishdagi muammolarni keltirib chiqarayotgan asoslarni sanarkan, Ichki ishlar organlaridagi mantiqsizliklarga ham e’tibor qaratgan.
“Joylarda odil sudlovni amalga oshirishda muhim bo‘g‘in – ichki ishlar tergovchilarining bir vaqtning o‘zida xududiy IIB boshlig‘iga bo‘ysunishi ham mantiqsizlik. Chunki har doim ham IIB boshlig‘i tergovdan chiqqan, tergov sir sinoatlaridan xabardor shaxs bo‘lmasligi mumkin.
Umuman aytganda odil sudlovni amalga oshirishda tergovning har qanday ta’sirlardan holi, xolis organ bo‘lishi uchun barcha davlat organlari, shu jumladan, Ichki ishlar, prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmatining tergov funksiyalarini o‘zida jamlagan alohida tergov organini tashkil etish zarur”, deydi deputat.
Kushureboyev ushbu masala Konstitutsiyada alohida aks ettirilishi kerak, deb hisoblamoqda.
“Bu demokratik prinsiplarga mos, inson huquqlari yuksak darajadagi odil sudlovni amalga oshirishga ko‘mak bergan bo‘lardi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda 16 iyul kuni “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining dasturi va Saylovoldi dasturi muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida partiya mamlakatda Tergov qo‘mitasini tashkil etishni taklif qilib chiqqan edi.
LiveBarchasi