“Qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi”. Prokuraturada “yopdi-yopdi”lar endi bo‘lmaydimi?
Tahlil
−
10 dekabr 2019
14515Bilamizki, jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarni tartibga solish maqsadida qonun-qoidalar tuzilgan. Misol tariqasida, yo‘lda bexavotir yurishingiz uchun yo‘l-harakati qoidalari mavjud. Agar sizning huquqingiz buzilsa, uni tiklash uchun tegishli tartibda sud va prokuratura organlariga murojaat etasiz. Lekin ular ham noto‘g‘ri va adolatsiz yakun berishsa-chi?!
Kuni kecha Konstitutsiyamizning 27 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda kelgusida joriy etiladigan amaliyot haqida xabardor etdi. “Kelgusi yildan boshlab prokuror qarori ustidan sudga murojaat qilish tartibi joriy etiladi. Shu orqali surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida muvozanatni, ya’ni o‘zaro tiyib turish tamoyillarini ta’minlash imkoni yaratiladi. Bunday muhim o‘zgarish ham bizning tajribamizda birinchi marta joriy etilmoqda.
Sir emas, ilgari prokuratura idoralari nihoyatda yopiq, nazoratdan xoli bir organga, ta’bir joiz bo‘lsa, oxirgi instansiyaga aylanib qolgan edi.”, deya ta’kidladi davlat rahbari. Keling, bu so‘zlarda aks etgan huquqiy-protsessual jarayonini tahlil qilsak.
Prokuror vakolatlari
O‘zbekiston respublikasining Konstitutsiyasining 118-moddasiga binoan, prokuratura O‘zbekiston Respublikasi hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori va unga bo‘ysunuvchi prokurorlar amalga oshiradi, deya belgilangan.
Agar sizga nisbatan qonunbuzilish holati amalga oshirildi. Huquqbuzar shaxs ma’muriy, jinoiy yoki intizomiy javobgarlik keltirib chiqaruvchi xatti-harakat qildi. Bu bo‘yicha vakolat doirasida prokuratura o‘rganishlarni boshlaydi va so‘nggi qarorni beradi. “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunning 26-moddasida bu qoida aks ettirilgan.
Agar yetarli asoslar topilsa, jinoyat ishini qo‘zg‘atish haqida qaror chiqariladi. Jinoyat ishi bo‘yicha ayblov xulosasi yoki dalolatnomasi sudga chiqariladi. Agar topilmasachi... Bugungi kundagi ko‘plab yurtdoshlarimizning norozilik sabablari aynan shu nuqtada.
Korrupsiya uchun yo‘l
Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasida reabilitatsiya (oqlash) uchun asoslar keltirilgan. Ya’ni bir jinoyat ishi ko‘rib chiqilishi boshlandi, biroq jinoyat belgilari topilmadi deya ish yopiladi. Bu prokurorning qo‘lida va buning ustidan sudga murojaat qilish amaliyoti deyarli yo‘q. Chunki uning tartibi mavjud emas. Xalq tili bilan aytiladigan “yopdi-yopdi”lar aynan shu holatda ko‘zga tashlanishi mumkin.
Jinoyat-protsessual kodeksining 589-moddasida shunday qiziq norma keltirilgan. Unga ko‘ra, prokurorning qarori ustidan yuqori turuvchi prokurorga shikoyat berilishi mumkin.
Jarayon juda qiziq. Sizga kimdir tuhmat qildi, siz uni ustidan shikoyat qildingiz. Vakolati bo‘yicha bu ishni prokuratura ko‘rib chiqadi. Prokurorlar tergovni boshladi. Hammani ko‘rsatmalari tinglandi. Hamma faktlar ko‘rga hassadek bo‘lib turgan vaqtda, prokuror qarori chiqadi: “jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi bo‘yicha jinoyat alomati topilmadi, bu inson beayb”.
Yoki bir odam boshqasiga qattiq zarba berdi va jabrlanuvchi vafot etdi. Jinoyat kodeksida bu holatga turlicha yondashuvchi moddalar bor. Bular qasddan odam o‘ldirishdan tortib ehtiyotsizlikdan odam o‘ldirishgacha (97-102-moddalari) bo‘lgan jinoyatlar bo‘lishi mumkin. Ularning jazo darajalari ham turlicha. Yoki umuman jinoyat qilinmaganligini ko‘rsatuvchi holatlar mavjud. Misol qilib, oxirgi zarurat, zaruriy mudofaa va ho. Yuqoridagi voqeada qasddan odam o‘ldirish bo‘lganmi yoki zaruriy mudofaami? Bu bo‘yicha qaror qabul qilish prokurorning mutlaq vakolatidadir. Bunga hech kim aralasha olmaydi. Agar shunday ekan, bu korrupsiyaga yo‘l ochuvchi qoida emas deya kim kafolat bera oladi?
Siz albatta keyingi qadamga intilasiz. Biroq keyingi qadam faqatgina yuqori turuvchi prokurorga shikoyat qilishligi xolos. Endi o‘ylab ko‘ring – kim o‘zining xodimiga yoki bitta tizimda ishlab kelayotgan hamkasbiga qarshi ish qiladi?!
O‘ylaymizki, yangi amaliyotda bu jihatlar atroflicha o‘rganib chiqiladi va korrupsiogen normalar bartaraf etiladi.
LiveBarchasi