“Prokuratura xodimi” 9 yilga qamaldi

Jamiyat

image

Sirdaryo viloyati Jinoyat ishlari bo‘yicha Xovos tuman sudida o‘zini prokuror deb, odamlarni aldab, pulini olgan fuqaroga  hukm o‘qildi. 

Sirdaryo viloyati Jinoyat ishlari bo‘yicha Xovos tuman sudi raisi O.Nabiyevning ma’lum qilishicha, aybdor Ikrom Teshaboyev (ism-shariflar o‘zgartirildi) o‘zini prokuratura tizimida ishlovchi xodim deb, 3 ta jinoyatni amalga oshirgan.

Dastlab Ikrom Karimov 2018 yil noyabr oyida Yangiyer shahridagi dehqon bozoriga borib, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqaro Yo.Xo‘jamovga o‘zini “Alisher ismli Sirdaryo viloyati departamenti xodimi” deb tanishtiradi va kelajakda qo‘llab-quvvatlab turishni va’da qiladi. So‘ng bozorda valyuta tadbiri o‘tkazilayotganligi uchun 3 mln 500 ming so‘m pul yetmay qolganligi, tadbir tugagach, qaytarib berishini aytib, undan ushbu summani olgan.

Ikromning tuzog‘iga tushgan navbatdagi jabrlanuvchi samarqandlik Q. Murodov bo‘ldi. Ikrom o‘ziga avvaldan notanish bo‘lgan bu fuqaro bilan o‘tgan yilning 3 dekabr kuni Samarqand shahridagi Rudakiy ko‘chasida ko‘rishadi. Ikrom unga davlat hisobiga musodara qilingan Lacetti Gentra rusumli avtomashinani arzon narxda auksion orqali olib berishni aytgan. Harakatlari ishonchli bo‘lishi uchun Q. Murodovning fuqarolik pasportini ham oladi. So‘ng avtomashinani rasmiylashtirib berishini aytib, undan 18 mln 252 ming 800 so‘m, ya’ni 2200 AQSH dollarini olgan.

Ikrom joriy yilning 16 yanvar kuni tanishi Ahmad Murodovga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini “Yodgor ismli Toshkent shahar prokuraturasi xodimi” deb tanishtirib, unga o‘g‘li M.Murodovni Oliy sudga protest kiritish yo‘li bilan qamoqdan chiqishiga yordam berishini aytgan. Oradan uch kun o‘tgach, “Oltin baliq” kafesi oldida u bilan ko‘rishib, xizmati evaziga 2000 AQSH dollari so‘raydi. A.Murodov bu haqda Sirdaryo viloyati prokuraturasi va Departamentning viloyat boshqarmasi xodimlariga ma’lum qilgach, o‘tkazilgan tezkor tadbirda firibgar qo‘lga olingan.

Sud soxta prokurorni 9 yilga ozodlikdan mahrum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

sud firibgarlik prokuratura

Baholaganlar

108

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing