Prigojinga isyondan keyin musodara qilingan 10 mlrd rubl qaytarildi – OAV

Olam

image
0:00
0:00
download

“Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojinga qurolli qo‘zg‘olon yuzasidan ochilgan jinoiy ish bo‘yicha Sankt-Peterburgda tintuv paytida qo‘lga kiritilgan naqd pullar qaytarildi. Bu haqda “Fontanka” ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, shu yilning 2 iyul kuni kechqurun Prigojinning haydovchisi pulni olib ketgan. 

“O‘sha paytda tadbirkorning o‘zi Moskvada edi. Unga jami 10 milliard rubl va yuz minglab dollar naqd pul, shuningdek, beshta oltin quyma qaytarilgan”, deb yozgan “Fontanka”.

“78.ru” nashrining yozishicha, ular puldan tashqari Prigojin iyun oyi oxirida tarqatib yuborgan Patriot media guruhi ofisida tergov jarayonida qo‘lga kiritilgan jihozlarni ham qaytarib bergan.

Qayd etilishicha, dastlab tergovchilar olib qo‘yilgan qimmatbaho buyumlar va pullarni qaytarishni istamagan.

Prigojinning bir kunlik isyoni

Joriy yilning 24 iyun kuni “Vagner” jangchilari Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini egallab oldi. Prigojin Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov “Vagner”ga topshirilishini talab qilib, Moskvaga borishini e’lon qildi. Bu orada Moskvada ham xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati esa Prigojinga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Kechga borib Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bilan kelishilgan holda “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin bilan muzokara olib borgani ma’lum bo‘ldi. Muzokaralar yakunida Rossiya hududida qurolli harakatlarni to‘xtatish va keskinlikni yumshatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Prigojin ham Moskvaga ketayotgan qo‘shinlari ortga qaytarilganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

jinoiy ish Vagner Evgeniy Prigojin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing