Prigojin Rossiyada umumiy safarbarlik e’lon qilishga chaqirdi
Olam
−
31 may 2023
10462“Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin kecha, 30 may kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahridagi uchrashuvda Rossiyada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qilish vaqti kelganini aytdi. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Prigojin jurnalistlar bilan uchrashuvda Rossiyada umumiy safarbarlik e’lon qilish, harbiy bo‘linmalar uchun zarur bo‘lgan qurol-yarog‘lar, o‘q-dorilar va kerakli barcha vositalarni ishlab chiqarishga to‘liq o‘tish kerakligini ta’kidlagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi “maxsus operatsiya”ni davom ettirish endi qiyin bo‘lib qolishi mumkin.
“Endi biz safarbarlik e’lon qilishimiz va odamlarni hech bo‘lmaganda momaqaldiroq gumburlaganda cho‘qinish o‘rniga jang qilishlari uchun ham o‘qitishimiz kerak. Agar hamma safarbar etilmasa, ko‘pchilik tinchlanadi, qo‘yib yuborilganlaridan xursand bo‘ladi, kimlardir tezda zaiflashib qoladi. Keyin yovuz bolalar keladi, ukrainlar hammasi emasligini oldin ham aytgandim. So‘ng ruminlar, polyaklar va boshqa har kim keladi”, deydi u.
Oxirgi vaqtlarda Rossiyada yana safarbarlik e’lon qilinishi kerakligi haqida takliflar Putinning atrofidagi yuqori mansabdorlar tomonidan tez-tez berilmoqda. Masalan, kecha Moskva viloyati va shahriga qilingan dronlar hujumidan keyin Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Rossiyada harbiy holat e’lon qilinishi kerakligini ta’kidlagan edi. Shuningdek, joriy yilning may oyi o‘rtalarida esa “Sarskiye volki” harbiy maslahatchilar guruhi boshlig‘i va “Roskosmos” sobiq rahbari Dmitriy Rogozin ham safarbarlikning ikkinchi to‘lqinini amalga oshirishi zarurligini aytgandi. U buni shaxsiy tarkib bilan bog‘liq muammolar bilan izohlagan.
Ma’lumot uchun, Ukrainaga bosqin boshlanganidan so‘ng 2022 yilning 21 sentyabridan 28 oktyabriga qadar Rossiyada qisman harbiy safarbarlik e’lon qilingan va uning doirasida 300 ming kishi jalb qilingandi. Safarbarlik tugaganidan so‘ng Mudofaa vaziri Sergey Shoygu qo‘shinlarga ko‘ngillilar va shartnoma asosidagi harbiy xizmatchilarni yollash davom etishini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi