Yamanda husiylarga qarshi umumiy safarbarlik e’lon qilindi
Olam
−
28 Sentyabr 765 2 daqiqa
Yaman Vakillar palatasi onlayn majlisda Yaman Prezidentlik kengashi yetakchisi Rashad al-Alimi tomonidan husiylarga qarshi turish uchun umumiy safarbarlik e’lon qilish bo‘yicha kiritilgan iltimosnomani ma’qulladi. Bu haqda SABA xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu chora e’lon qilingan vaqtdan e’tiboran kuchga kiradi va uni qabul qilishga sabab bo‘lgan holatlar bartaraf etilguniga qadar amal qiladi. Kengash bayonotiga ko‘ra, qaror umumiy safarbarlikni tartibga soluvchi Konstitutsiyaning 37-moddasiga, shuningdek milliy mudofaa, favqulodda choralar va fuqaro muhofazasiga oid boshqa konstitutsiyaviy va huquqiy qoidalarga asoslangan.
Kengash, shuningdek, Saudiya Arabistoni boshchiligidagi Arab koalitsiyasini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlagan hamda milliy birlikka va siyosiy kuchlar harakatlarini muvofiqlashtirishga chaqirgan.
Yaman yetakchisi 26 sentyabr kuni umumiy safarbarlikka chaqirib, hukumat husiylar nazoratidagi hududlar ustidan nazoratni qayta tiklash niyatida ekanini ma’lum qilgan. Al-Alimi, shuningdek, guruhni mintaqada va undan tashqarida nizoning yangi eskalatsiyasini keltirib chiqarganlikda ayblagan.
Ma’lumot uchun, 2014 yilning sentyabr oyida isyonchi husiylar Yaman poytaxti Sano shahrini egallab olgan. Shundan so‘ng, mamlakatda ikkita hokimiyat markazi shakllandi: xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan hukumat asosan mamlakat janubi va sharqini, husiylar esa poytaxt Sano hamda shimol va g‘arbning katta qismini nazorat qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyi boshida “Ansorulloh” harakati mamlakat janubi-g‘arbida hujum boshlagandi, 10–11 sentyabr kunlari esa Moxa port shahri va Bob al-Mandab bo‘g‘oziga chiqish yo‘liga ega bo‘lgan hududlar ustidan nazorat o‘rnatdi. Keyingi kunlarda hukumat kuchlari bo‘g‘oz hududida bir qator qarshi hujumlarni amalga oshirdi. Husiylar esa Saudiya Arabistoniga hujumlarni davom ettirmoqda.
Live
Barchasi