Prezidentlikdan ketayotgan Berdimuhamedov mukofotlandi
Jamiyat
−
19 fevral 2022
8797Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov “Turkmanistonning mohir diplomati” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Bu haqda “Neytral Turkmenistan” gazetasi xabar bermoqda.
Bu qaror Turkmaniston parlamentining quyi palatasi — Majlis tomonidan qabul qilingan. Hujjatga ko‘ra, Xalq Maslahati (parlament yuqori palatasi) raisi lavozimini ham egallab turgan Prezident Turkmaniston mustaqilligi va betarafligini mustahkamlash, tinchliksevar tashqi siyosati, davlat manfaatlarini himoya qilishga qo‘shgan hissasi va mamlakat Diplomatik xodimlari kuni sharafiga (18 fevralda nishonlanadi) mukofotlangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 fevral kuni Ashxobodda Turkmaniston parlamentining yuqori palatasining navbatdan tashqari yig‘ilishida qatnashgan Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov endilikda Xalq maslahati raisi sifatida siyosiy tajribasini mamlakat taraqqiyotiga sarflash, o‘z o‘rnini yosh kadrlarga topshirish niyatida ekanini aytgandi. 12 fevral kuni mamlakatda navbatdan tashqari Prezident saylovi o‘tkazilishi e’lon qilindi. Saylov 12 martga belgilandi.
Kecha, 14 fevral kuni Turkmanistonda prezidentlik saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlandi, uning birinchi bosqichi nomzodlarni ko‘rsatish bo‘ladi. Nomzodlar siyosiy partiyalar yoki fuqarolar guruhlari tomonidan ko‘rsatilishi mumkin. Mamlakatda uchta partiya bor: Demokratik partiya, Agrar partiya va Turkmaniston sanoatchilar va tadbirkorlar partiyasi.
Mamlakat Konstitutsiyasiga muvofiq prezidentlikka nomzodlar 40 yoshga to‘lgan, shu mamlakatda tug‘ilgan va unda so‘nggi 15 yil davomida doimiy yashayotgan va ishlagan fuqarosi bo‘lishi kerak. U yetti yilga saylanadi.
Sardor Berdimuhamedov 2021 yil fevralidan beri Turkmaniston Bosh vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi. Shuningdek, u Axalteke yilqichilik xalqaro uyushmasi va “Turkman Alabay” xalqaro uyushmasiga rahbarlik qiladi.
Sardor otasining lavozimi uchun o‘z nomzodini qo‘ydi va hozirda oliy mansabga asosiy da’vogar hisoblanadi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Turkmanistonda o‘qituvchilar maktablarda Sardorning yutuqlari haqida gapirishga majburlanayotgani aytilmoqda.
Ma’lumot uchun, Turkmanistonni 2007 yildan beri asli kasbi shifokor bo‘lgan Gurbanguli Berdimuhamedov boshqarib kelmoqda. U bir vaqtning o‘zida Vazirlar Mahkamasi raisi, Parlament yuqori palatasi raisi va Oliy bosh qo‘mondon hisoblanadi.
LiveBarchasi